Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

17:39:41 (GMT +5), payshanba, 28 mart 2024

Yashashni o'rgatding, hayot!

        “O'tgan asrning saksoninchi yillari o'rtalarida Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ga Amerika Qo'shma Shtatlaridan Meygan xonim degan tadqiqotchi malaka oshirish uchun keladi. Amerikalik olima o'zbekchada qiynalibroq gapirsa ham, o'zbek tilidagi kitoblarni bemalol o'qir ekan. Uning maqsadi – o'zbek adabiyotida yaratilgan eng yaxshi asarlar bilan tanishish, ularni tadqiq etish edi. Kunlarning birida u atoqli adabiyotshunos olim Ozod Sharofiddinovga sof o'zbekona asar o'qish niyati borligini aytib, shunday kitob topib berishini iltimos qiladi. Muhtaram domla unga O'tkir Hoshimovning  “Dunyoning ishlari” kitobini tavsiya etadi. Ma'lum vaqtdan keyin Meygan xonim domlaga Amerikaga qaytgisi kelayotganini aytadi va ko'p o'tmay o'z vataniga ketadi...”. Bu parcha “Temiryo'lchi” gazetasi tashkil etilgan dastlabki kunlarda tahririyatda  mas'ul kotib bo'lib ishlagan Yo'ldosh Mansurovning kitobidagi “Dil izhori” maqolasidan keltirildi.

        O'zbekiston jurnalistlar uyushmasi a'zosi, taniqli jurnalist, hozirgi kunda mehnat faxriysi Yo'ldosh Mansurov gazeta faoliyatiga munosib hissa qo'shgan fidoyi mutaxassis bo'lgan. Uning jurnalist sifatida shakllanishi, mehnat faoliyatidagi eng  yorqin xotiralari hamda unutilmas ijodiy munosabatlar “Temiryo'lchi” gazetasi tahririyatida ishlagan vaqtiga to'g'ri keladi. Chunki u tahririyatning o'sha davrdagi bosh muharriri Abduhalim Rahimov (asli kasbi temiryo'lchi, Toshkent temir yo'l boshqarmasining yo'lovchilar tashish bo'limi boshlig'i o'rinbosari lavozimida ishlagan), muharrir o'rinbosari Asom Isxoqov, jurnalist-tarjimon G'ulomjon Ismoilov, mahoratli muxbirlar Sa'di Maqsudov, Muhammadjon Olimov, Erkin Ernazarov, Abduvohid Abdusamatov, adabiy xodimlar To'xtamurod Qodirov, Nafisa Hakimova, musahhih Abdulla Karimov, fotomuxbir Oqil To'xtaxo'jaevdan iborat ahil jamoa bilan ishladi.


      – Qolaversa, gazeta mamlakatimizdagi ko'p taniqli jurnalistlarni  shakllantirdi, – deydi Yo'ldosh ota. – Jo'ra Xolqosimov degan muxbir gazetamizga qisqa xabar va yangiliklarni yozib yurardi. Iqtidori va layoqati tufayli tahririyatga ishga olindi. Ishlash bilan birga, jurnalistika bo'yicha o'qidi ham. Keyinchalik u “Sovet O'zbekistoni” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasida ko'p yillar faoliyat yuritib, respublikada xizmat ko'rsatgan jurnalist darajasigacha yetdi. O'zbekiston xalq yozuvchisi O'tkir Hoshimov ham o'z mehnat faoliyatini “Temiryo'lchi” gazetasida kur`erlikdan boshlagan. Kamtarin, tiyrak bu yigitchaga tahririyatning adabiy xodim va muxbirlar o'tiradigan xonadan joy bergandik. U yosh bo'lsa-da, o'ziga talabchan, chop etiladigan materiallarni tartib bilan taxlab o'qir, doim stoli ustida Moskvada chiqadigan “Gudok” gazetasi va turli  badiiy asarlar turardi. Rus tilida ham bemalol o'qir va yozar edi. Esimda, bir kuni har doim xonada “Belomor” sigaretasini burqsitib chekib o'tiradigan xodimlardan biri kuldonni olib: “Uka, mana shuni tashqariga to'kib kel”, – dedi. Shunda O'tkir Hoshimov qoshlarini biroz chimirgancha, xonadagilarga eshittirib: “ Undan ko'ra, maqolamni o'qib, tahrir qilib ber, desa, yaxshiroq bo'lardi”, – dedi. Qisqa vaqt ichida, uning xat tashuvchi dastyor emas, yaxshigina qalami bor ijodkor ekanligi hammaga ayon bo'lib qoldi. O'tkir Hoshimovning strelkachi to'g'risidagi birinchi hikoyasi ham  “Temiryo'lchi” gazetasida chop etildi. “Hali ko'rasizlar, bu yigitchadan zo'r yozuvchi chiqadi”, – der edi muharririmiz. Taqdirni qarangki, shunday bo'ldi ham... Shuningdek, “Toshkent oqshomi” gazetasida mas'ul kotib, “O'zbekiston matbuoti” jurnalida bosh muharrir o'rinbosari bo'lib ishlagan Abdug'ani Abdullaev ham ish faoliyatini “Temiryo'lchi” gazetasida boshlagan.


       Yo'ldosh Mansurov gazetada ishlab yurgan vaqtida Moskvada, “Pravda” gazetasi qoshidagi jurnalistlar markaziy uyida jurnalistika va fotoreportaj yo'nalishi bo'yicha sirtdan tahsil oldi. Jurnalistikaning sir-asrorlarini chuqur o'rganishga intildi. Keyinchalik “Temiryo'lchi” gazetasi vaqtincha tugatilganda, sohada rus tilida nashr etiladigan “Transportniy rabochiy” gazetasiga o'tib ishlaganida ham qiynalmadi. Moskvada olgan bilimlari asqotdi, ijodini rus tilida davom ettirdi, tarjimonlik ham qildi. O'z faoliyatini O'zbekiston televideniesida davom ettirish mobaynida ham qiyinchilik sezmadi. Temir yo'ldagi intizom, talab va mas'uliyat uni talabchan bo'lishga o'rgatdi. Biror ishni orqaga surmaslik yoki kechiktirmaslik odatiga aylandi.

        “Inson uchun hayotning o'zi katta maktab, muallimdir. Men uchun ana shu katta maktabning saboqlarga boy davri temir yo'l sohasida ishlagan paytlarimga to'g'ri keladi. Bir umrga tatiydigan tajriba, malaka va taassurotlarni shu yerda olganman. Bu hayotiy saboqlarim umrimning har qadamida qo'l keldi.  Hozirgacha sohada amalga oshirilayotgan har bir yangilik, o'zgarishlarni diqqat bilan kuzatib boraman va erishilayotgan muvaffaqiyatlardan g'ururga to'laman”, – dedi suhbatdoshim.

      “Universitetga kirib, o'qishning birinchi kunida men bilan birga o'tirgan yigitni kirish imtihonlarida ko'rmagan edim. Chunki u maktabni “Oltin medal`” bilan tamomlab, imtihonsiz qabul qilingan ekan. Bu yigit meni juda hurmatlab, madaniyatli ekanligini, bundan buyon qadrdon do'st bo'lib ketishimizni o'sha kundanoq bildirgan”, – deydi O'zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To'xtaboev. U Yo'ldosh Mansurovning o'qish davomida boshqa talabalardan ajralib turadigan ishlari, iqtidorlari haqida gapirib, “Kishining yaxshi yomoni uning ishidan ma'lum bo'ladi” – deydi.

        Darhaqiqat, har bir inson umrini uning yaxshi amallari va chin insoniy fazilatlari bezab turadi. Hozirda 83 yoshni qarshilayotgan Yo'ldosh ota rahmatli turmush o'rtog'i Oyposhsha ona bilan voyaga yetkazgan 7 nafar farzandi, o'nlab nabirayu evaralari qurshovida umrguzaronlik qilmoqda. Mehnat faoliyatini dastlab o'qituvchilikdan boshlab, keyinchalik faqat jurnalistika sohasida ishlab, shu sohadan nafaqaga chiqqan Yo'ldosh ota keksalik davrida ham tingani yo'q. Uzoq yillar o'zi istiqomat qiladigan Do'mbiraobod mahallasi faollaridan – mahalla fuqarolar yig'ini mas'ul kotibi, “Nuroniy” jamg'armasining Do'mbiraobod mahallasidagi jamoatchilik markazi raisi bo'lib ishlaydi. Uning odamlar koriga yarash, og'irini yengil qilish yo'lidagi ezgu ishlari, sa'y harakatlarini yozsa, bir kitob bo'ladi. Eng muhimi, mahalladoshlari undan juda minnatdor. Kamtarin va samimiy bu insonning g'ayrat-shijoati, tinib-tinchimasligiga, hurmat-u obro'siga havas qilsa arziydi.

         “Eng yaxshi duo – tani sihatlik, xotirjamlik”, – dedi Yo'ldosh ota, suhbatimiz oxirida. Uning oltinga teng bu so'zlari barchaga yo'ldosh bo'lsin...

 Hulkar HOTAMBOEVA

  • nashr uchun ko‘rinish