Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

19:38:54 (GMT +5), dushanba, 29 aprel 2024

Navoiyni har kuni o‘rganishimiz kerak

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi.


Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti vakillari hamda temiryo‘lchilar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutishini ta’kidlab o‘tdilar.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. Xusnutdin Xasilov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.

– Alisher Navoiy o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy va vatanparvarlik g‘oyalari, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab insonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egallagan. Ulug‘ shoir adabiy merosini faqat uning tavalludi munosabati bilan emas, har kuni o‘rganish, targ‘ib qilish, hammamizning burchimizdir, – dedi u o‘z tabrigida.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti boshlig‘i, tarix fanlari doktori, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev joriy yilning 14 – 16 dekabr kunlari maxsus delegasiya bilan Afg‘oniston Islom Respublikasiga amalga oshirgan safari tassurotlari va Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlash va uning atrofini obodonlashtirish bo‘yicha Afg‘onistonning mutasaddi tashkilotlari bilan hamkorliklar xususida so‘zlab berdi.

Alisher Navoiy badiiy va ilmiy merosini o‘rganish, asarlarini nashr etish, mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish masalasida mamlakatimiz olimlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, xususan, Toshkent Transport universitetining “Tillar” kafedrasi professor-olimlar faoliyati haqida filologiya fanlari nomzodi Oygul Iskandarova ma’ruza qildi.

Tadbirda Alisher Navoiy she’rlariyu va g‘azallarini yod olib, uning ijodini o‘rganib, Navoiydan ilhomlanib, ijod qilayotgan temiryo‘lchi yoshlar so‘z oldi. 

“O‘zbekiston” deposi yosh mutaxassisi, Zulfiya mukofoti sovrindori Hulkar Sherzod qizi hamda “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” unitar korxonasi xodimi A’zamjon Umaraliyevning chiqishlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

– Navoiy ijodi muhtasham bir qasr,  barcha uning yonida aylanib yuribdi, xolos,– dedi A’zamjon Umaraliyev. – Modomiki, bepayon tafakkur sarhadlarini fath eta olgan she’riyat sohibqironining oltin merosi millat ruhini tarbiyalar ekan, uning ijodi kabi qomusiy ravishda tadqiq va tahlil etish, bu jarayonda, ayniqsa, yoshlarda rag‘bat uyg‘ota olish bugungi kunning eng asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qolaveradi. 

Temiryo‘lchilar madaniyat saroyi Maqomchilar ansambli ijrosida yangragan Alisher Navoiy g‘azallari bilan aytiladigan kuy va qo‘shiqlar bayram tadbiriga o‘zgacha fayz kiritdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ 
Davlat tilini rivojlantirish
va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘limi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish