Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

18:23:44 (GMT +5), dushanba, 29 aprel 2024

Maktab o‘quvchilari uchun tanishtiruv ekskursiyasi bo‘lib o‘tdi

Ma'lumki, joriy yilda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan o‘zgartirishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi. Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ish bilan ta'minlash, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallash uchun sharoit yaratish, o‘g‘il-qizlarning iste'dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tegishli topshiriqlar berildi.

Mamlakatimizda barkamol avlodni shakllantirish borasida ular bilan ishlashga qaratilgan qator vazifalarni amalga oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vazirligi hamkorligida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “Quyuv-mexanika zavodi” sho‘ba korxonasiga ekskursiya tashkil etildi. Unda, poytaxtimizning Yashnobod va Bektemir tumanlaridagi №218, №215, №291-umumta'lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etdilar. 

Maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari temir yo‘l sohasida yetakchi sanoat korxonasining ustaxonalari (sexlari), ishlab chiqarishdagi barcha jarayonlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani bilan yaqindan tanishishdi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, quyuv-mexanika zavodi temir yo‘lning quyuv mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojining 90 foizini qoplaydi. Bugungi kunda korxonada ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga alohida ahamiyat berilmoqda. Yangi yuk vagonlari ishlab chiqarish va yuk vagonlarini kapital ta'mirlashni amalga oshiradi.
  
– Bu kabi zavodlar haqida gap ketganda, hayolda boshqacha tasavvurlar paydo bo‘ladi, ammo o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rganingiz – bu aslo boshqacha bo‘larkan, – deydi 218-maktab o‘quvchisi Salimxon Nig‘matxonov. – Men bolaligimdan poyezd mashinisti bo‘lishni orzu qilardim va hududlararo harakatlanadigan vagonlarni qanday qurishlarini ko‘rish men uchun juda qiziq bo‘ldi!   

Shubhasiz, yosh avlod uchun ishlab chiqarishni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari nafaqat ularning dunyo qarashini kengaytirishga, yangi narsalarni o‘rganishga, balki kelajak kasbini tanlashda ham juda muhim ahamiyatga ega. Ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish, mutaxassislar bilan suhbat qurish orqali yoshlarda muayan kasbga bo‘lgan qiziqishni shakllantirishga yordam berishi shubhasizdir. Bu haqida yoshlar bilan suhbat chog‘ida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Axborot-tahliliy media markazi direktori – boshqaruv raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.Baltabayev ham alohida ta'kidladi. 

– Bugungi kunda temir yo‘l sohasida 90 mingga yaqin kasb turlari va mutaxassisliklarda ishchi-xizmatchilar faoliyat olib bormoqda, – deydi A.Baltabaev. –  Ta'lim olish va sohada ish yuritish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, Toshkent transport universiteti yoki temir yo‘l kasb-hunar kollejiga o‘qishga kirish mumkin. Bundan tashqari, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tasarrufida boshqa qator nosohaviy yo‘nalishlar, tashkilot, korxona va muassasalar ham mavjud.  Yoshlarga jamiyat tarkibidagi o‘zlari xohlagan yo‘nalishlarda ishlashlari mumkinligini alohida eslatib o‘taman.

Ekskursiyaning muvaffaqiyatli o‘tganligi o‘quvchilarning ko‘zlaridagi quvonchda aks etmoqda. Bunday tashriflardan asosiy ko‘zlangan maqsad yoshlarning kasbga bo‘lgan qiziqishlarini shakllantirish, ularning sohaga oid bilimlarini va tasavvurlarini uyg‘otishdan iborat.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish