×

Saytda ovoz jo‘rligidan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma

Hurmatli foydalanuvchilar! Saytda ovoz jo‘rligidan foydalanish imkoniyati mavjud. Ushbu funksiyadan foydalanish uchun ovozli rejimga o‘tish zarur, keyin kerakli matnni belgilab, hosil bo‘lgan belgini bosish lozim.
* Saytdagi ovoz jo‘rligi funksiyasi Windows Vista va undan oldingi versiyadagi operatsion tizimlarda ishlamaydi.

Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

17:07:02 (GMT +5), payshanba, 28 mart 2024

Jamiyat ustavi

“O`zbekiston temir yo`llari” AJ
yagona aksiyadorining
2020 yil “30” iyundagi
57-son qarori bilan
 “Tasdiqlangan”

 

 

 

 

   

  “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati

USTAVI

(yangi tahrirda)

Ustav bo'limlariga o'tish:

I bo’lim.   Umumiy qoidalar
II bo’lim.  Jamiyatning asosiy vazifalari hamda funksiyalar
III bo’lim. Jamiyatning ustav fondi (kapitali). Uni ko’paytirish yoki kamaytirish tartibi.
                  Jamiyatning aksiyalari, obligasiyalari va boshqa qimmatli qog’ozlari
IV bo’lim. Jamiyatning huquqlari
V bo’lim. Jamiyat faoliyatini boshqarish
VI bo’lim. Jamiyatning mulki, vositalari va sarmoyalari
VII bo’lim. Hisobga olish, hisobot berish va nazorat
VIII bo’lim. Jamiyatni qayta tashkil etish va tugatish


 I bo’lim. Umumiy qoidalar

1. “O’zbekiston temir yo’llari” aksiyadorlik jamiyati (keyingi o’rinlarda – Jamiyat deb ataladi) O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston temir yo’llari” Davlat-aksionerlik kompaniyasini tuzish to’g’risida” 1994 yil 7 noyabrdagi PF-982-son Farmoni bilan tashkil etilgan.

2. Jamiyat O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Temir yo’l transportini monopoliyadan chiqarish va aksiyalashtirish chora tadbirlari to’g’risida” 2001 yil 2 martdagi PF-2815-son Farmoniga muvofiq ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi.

3. O’zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 apreldagi 223-I-son “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi Qonuniga muvofiq, Jamiyatning huquqiy holati aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi.

Jamiyat tijorat tashkiloti hisoblanadi.

4. Jamiyatni tashkil etish, faoliyat yuritishi, qayta tashkil etilishi va tugatilishi bilan bog’liq munosabatlar O’zbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi Qonuni, “Temir yo’l transporti to’g’risida”gi Qonuni va O’zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

5. Jamiyatning nomi:

o’zbek tilida – “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati (qisqartirilgan nomi - “O`zbekiston temir yo`llari” AJ) yoki kirill harflarida “Ўзбекистон темир йўллари” акциядорлик жамияти (qisqartirilgan nomi - “Ўзбекистон темир йуллари” АЖ);

rus tilida – Акционерное общество  «Узбекистон темир йуллари » (qisqartirilgan nomi - AO «Узбекистон темир йуллари») yoki Акционерное общество «Узбекиские железные дороги»

ingliz tilida – Joint stock company “O`zbekiston temir yo`llari” (qisqartirilgan nomi – JSC “O`zbekiston temir yo`llari” ) yoki Joint stock company “Uzbekistan railways” (qisqartirilgan nomi – JSC “Uzbekistan railways”).

6. Jamiyat xalqaro va aralash yo’nalishlarda yo’lovchilar va yuklar tashishni tashkil etishda chet el temir yo’l ma’muriyatlari bilan munosabatlarda “O’zbekiston temir yo’llari” (Узбекские железные дороги) deb nomlangan yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritadi. Jamiyatning telegraf shifri-“УТИ”.

7. Jamiyat yuridik shaxs hisoblanadi, o’zining mustaqil balansida aks ettiriladigan alohida mulkka, shu jumladan o’zining ustav fondiga (kapitaliga) berilgan mol-mulkka, bank muassasalarida hisob raqamlariga, jumladan valyuta hisob raqamlariga, O’zbekiston Respublikasi Davlat Gerbi tasviri tushirilgan dumaloq muhrga, davlat tilida yozilgan emblema (logotip) va shtamplarga ega.

8. Jamiyat temir yo’l sohasida rahbarlik qilish va xo’jalik ishlarini tartibga solishni amalga oshiradi. Jamiyat temir yo’llari tarmog’ini rivojlantirish va takomillashtirish borasida yagona texnika siyosatini amalga oshiradi.

9. Jamiyatning tashkiliy tuzilmasiga O’zbekiston Respublikasi Hukumati, shu jumladanaksiyador qarori bilan tasdiqlangan temir yo’l transporti mintaqaviy temir yo’l uzellari, boshqarmalari, markazlari, direksiyalari, korxonalari, muassasalari, tashkilotlari va tarkibiy bo’linmalari kiradi.

10. Jamiyatning tashkiliy tuzilmasiga mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar korxona va tashkilotlar, shuningdek chet el yuridik shaxslari kirishi mumkin.

11. Jamiyat qonunchilikda belgilangan tartibda korxona, tashkilot va muassasalar, jumladan  filiallar hamda vakolatxonalar tashkil etishi mumkin.

12. Jamiyat o’z faoliyatini amalga oshirishda, O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi,O’zbekiston Respublikasi qonunlariga, Oliy Majlis palatalari qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, temir yo’l qatnovi havfsizligini ta’minlash masalalarida O’zbekiston Respublikasi Temir yo’llarda yuk va yo’lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasining qarorlariga va mazkur Ustavga amal qiladi.

13. Mazkur Ustav bilan tartibga solinmagan huquqiy munosabatlar O’zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik va me’yoriy-huquqiy hujjatlari, shuningdek xalqaro bitimlar va shartnomalar bilan tartibga solinadi.

14. Jamiyat xodimlari Jamiyat shaxsiy tarkibining xizmat kiyimi to’g’risidagi Nizomda belgilangan xizmat kiyimiga egadirlar.

15. Jamiyatning joylashgan (markaziy ma’muriyati)manzili: O’zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Taras SHevchenko ko’chasi, 7-uy, pochta indeksi - 100060.

16. Jamiyatning elektron pochta manzili: info@uzrailway.uz.

II bo’lim. Jamiyatning asosiy vazifalari hamda funksiyalari

17. Jamiyat faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

davlat, jismoniy va yuridik shaxslarning ehtiyojlarini qondirish maqsadida temir yo’l transportining barqaror va samarali ishlashini, qatnovlar xavfsizligini, ko’rsatiladigan transport xizmatlari sifatini oshirishni jumladan xizmat ko’rsatish talab darajasida bo’lgan boshqa yuk tashuvchilar bilan birgalikda ta’minlash, iste’molchilarga ishlab chiqarish, savdo, shu jumladan ulgurji savdo xizmatlari ko’rsatish, elektr energiyasi sotish, sayyohlik va boshqa xizmatlar ko’rsatish, bunda tashishlarning maqbul muddatlarini hamda yo’lovchilar sog’lig’i va hayotining saqlanishini, shu jumladan tashilayotgan yuklar butligini ta’minlash;

temir yo’llarning yagona ishlab chiqarish infratuzilmasini va markazlashgan dispecherlik boshqaruvini  saqlash va rivojlantirish;

jahon andozalari darajasida xizmat ko’rsatish, transport xizmatlari bozorida temir yo’l transportining raqobatbardoshligini oshirish;

yuklar, yo’lovchilar, pochta va bagajlar tashish sohasidagi sarf-xarajatlarni kamaytirish va mijozlarga xizmat ko’rsatish sifatini oshirishni hisobga olgan holda belgilangan tartibda tarif siyosatini amalga oshirish;

temir yo’l transportida yuk va yo’lovchi tashish bozori kon’yunkturasini o’rganish, rivojlanishi va joylashtirilishini prognozlash;

temir yo’l tarmoqlarining ishlari barqarorligini va o’tkazish imkoniyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish;

tegishli temir yo’l transporti ob’ektlarini safarbarlik tayyorgarligini, davlat siri bo’lgan ma’lumotlarni  oshkor etilmasligini ta’minlash;

atrof muhitni asrash qoidalariga rioya qilishni ta’minlash;

temir yo’l transportisohasida yagona ilmiy-texnik, innovasion va investisiyaviy siyosatni yuritish;

yangi texnika va texnologiyalarning ishlab chiqilishi va joriy etilishini, temir yo’l transportining kompleks rivojlanishini tashkil etish;

temir yo’l tarmoqlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yanada rivojlantirish va xizmat ko’rsatish imkoniyatlarini oshirish, yangi temir yo’l liniyalari, ko’priklar, tunnel va boshqa sun’iy inshootlar qurish, ularni rekonstruksiya qilish va texnik qayta qurollantirish;

harakatlanuvchi tarkibni, yo’l xo’jaligini, elektr ta’minoti tizimini, signalizasiya va aloqa tizimini modernizasiya qilish va takomillashtirish uchun investisiyalar, jumladan chet el investisiyalarini keng joriy etish, shuningdek, tarmoq sanoat korxonalarini texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda ilg’or texnologiyalar va zamonaviy menejment usullarini keng joriy etish;

Jamiyatning halqaro hamkorligi va tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish, marketing tadqiqotlarini uyushtirish, Jamiyat korxonalariga axborot xizmatlari ko’rsatish, tashqi va ichki bozorlarda ularning raqobatbardoshligini oshirish masalalarini hal etishga ko’maklashish;

Jamiyat va O’zbekiston Respublikasining sanoat korxonalari bazasida ta’mirlash-ekspluatasiya va rivojlanish ehtiyojlari uchun import o’rnini bosuvchi mahsulotlar, ehtiyot qismlar, detallar, jihozlar ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish va rivojlantirish;

iqtisodiy munosabatlarni o’rnatishning asosiy tamoyillari, qoidalari va uslublarini ishlab chiqish hamda ularni Jamiyat korxonalari o’rtasida amalga oshirish;

kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;

Jamiyat ishchilari uchun ijtimoiy sharoit yaratish va ta’minlash.

18. Jamiyat belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi funksiyalar bajarilishini ta’minlaydi:

a) temir yo’l orqali tashish jarayonini boshqarishni tashkil etish sohasida:

tashish jarayonining markazlashgan tezkor boshqaruvini tashkil etish, poezdlarning harakatlanish jadvalini, harakatlanuvchi tarkibning ish me’yorlarini va Jamiyat bo’yicha yuk tashish prognoz rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash va ijrosini ta’minlash;

tashish shartlariga doir yagona normativ hujjatlarni, harakatlanuvchi tarkibdan foydalanish me’yorlari bo’yicha yagona me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish, ulardan foydalanishni tahlil etish, yuk va yo’lovchivagonlaridan foydalanishga tuzatishlar kiritish va nazorat qilish;

favqulodda vaziyatlarda xavfli yuklarni tashish qoidasi talablari asosida yuk ortishni, tushirishni tartibga solish va poezdlar harakatlanishini tashkil etish;

zamonaviy axborot–kommunikasion texnologiyalarni keng qo’llagan holda tashish jarayoni va dispetcherlik xizmatini tashkil etishning yagona tamoyillarini ishlab chiqish;

b) iqtisodiyot va moliya sohasida:

temir yo’l transportini rivojlantirishning davlat va davlatlararo dasturlari loyihalarini, asosiy, sanoat va pudratchilik faoliyatida, shuningdek ijtimoiy va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ishlab-chiqarishning iqtisodiy va moliyaviy ko’rsatkichlariga doir yillik hamda istiqbolli prognozlarni ishlab chiqish;

temir yo’l transportida yuk va yo’lovchilar tashish sohasida marketing tadqiqotlarini tashkil etish, kelgusida temir yo’l transporti ob’ektlarini rivojlantirish va joylashtirishga doir yillik va istiqbolli prognozlar hamda jadvallar, temir yo’l transportining tashish va ishlarni bajarish imkoniyatlarini oshirishga doir kompleks chora-tadbirlar bo’yicha takliflar ishlab chiqish;

mukammal va joriy ta’mirlashni, Jamiyatning mol-mulkini saqlashni  rejalashtirish va tashkil etish;

O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga, davlatlararo va hukumatlararo kelishuvlarga muvofiq yuk, yo’lovchilar, pochta, bagaj va yuk bagaj tashish tariflari sohasida kelishilgan siyosatni amalga oshirish;

amaldagi qonunchilikka muvofiq, Jamiyat korxonalari va xizmatlaridan foydalanuvchilar o’rtasida o’zaro moliyaviy hisob-kitoblarni, boshqa davlat temir yo’llari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, buxgalterlik va statistika hisobi va hisobotlarini tashkil etish, O’zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standartlariga rioya etish, Jamiyatkorxonalarida auditorlik faoliyatini yuritish, soliqlarni va majburiy to’lovlarni hisoblash va to’lash;

yuk, pochta, bagaj, yuk bagaj, mahsulot sotish, ko’rsatilgan ish va xizmat, yo’lovchilarni tashishdan tushadigan daromadlarni to’liq va o’z vaqtida kelib tushishini nazorat qilish, Jamiyatning moliyaviy holatini mustahkamlash, harajatlarni kamaytirish va foydani (daromad) oshirish;

Jamiyat korxonalari o’rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishningasosiy tamoyil, qoida va uslublarini  ishlab chiqish va ularni amalga oshirish;

Jamiyat boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan normativlarga muvofiq tuziladigan fondlar va zaxiralarni, shu jumladan, valyuta fondini tashkil etish, shuningdek, temir yo’l transportini rivojlantirishga oid ustuvor ilmiy-tadqiqot dasturlarini moliyalashtirish uchun belgilangan tartibda fondlarni shakllantirish;

Jamiyat faoliyatini aks ettiruvchi reklama va boshqa turdagi adabiyotlarni nashr etish;

xodimlarning mehnat haqi, shuningdek boshqa turdagi daromadlarining shakli, tizimi va hajmini belgilangan tartibda aniqlash;

ijtimoiy rivojlantirish bo’yicha Jamiyat xodimlarining ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirish;

tashishdan olinadigan daromadlarni markazlashtirilgan tartibda Jamiyatning alohida asosiy daromad hisob raqamida jamlash va uni kelgusida temir yo’l orqali tashishda ishtirok etgan Jamiyat bo’linmalari o’rtasida amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida taqsimlash;

“O’zdavtemiryo’lnazorat” davlat inspeksiyasi ta’minoti uchun tasdiqlangan smetaga muvofiq, temir yo’l orqali tashishdan olingan daromadlardan majburiy to’lovlarni amalga oshirish;

v) texnika siyosati sohasida:

Jamiyat korxonalari bilan birga mutlaqo yangi texnik vositalar, texnologiyalar va materiallarni yaratish, ulardan foydalanishga doir ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining ustuvor yo’nalishlarini belgilash, ushbu ishlarni moliyalashtirish;

Texnologik jarayolarni mukammallashtirish, ishlab chiqarishning texnik darajasini doimiy ravishda oshirib borish;

Mahsulotlarni metrologiya, standartlashtirish va unifikasiyalashtirish, sertifikatlash va sifatni boshqarish, intellektual mulk ishlarini tashkil etish, ilmiy-texnikaviy ma’lumotlar va ilg’or tajribani ommalashtirish;

g) moddiy-texnika ta’minoti sohasida:

temir yo’l transportining moddiy-texnika va yoqilg’i-energetika resurslariga bo’lgan ehtiyojini aniqlash, temir yo’l orqali tashish jarayonining ushbu resurslar bilan ta’minlanishini tashkil qilish, ulgurji va chakanasavdo qilish, shuningdek aloqador vazirliklar, uyushmalar va idoralar bilan birgalikda davlat ehtiyojlari uchun mo’ljallangan mahsulotlar tarkibida temir yo’l transporti uchun etkazib beriladigan mahsulotlar bo’yicha buyurtmalarni shakllantirish, Jamiyat korxonalarini markazlashtirilgan holda tartibga solinadigan nomenklatura bo’yicha mahsulot bilan ta’minlash;

tabiiy ofatlar, transport halokatlari va boshqa kutilmagan voqealar oqibatlarini bartaraf etish uchun asosiy moddiy-texnika turlari zaxiralarini yaratish. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun mo’ljallangan moliyaviy va moddiy resurslarning idoraviy zaxiralari Jamiyat mablag’lari hisobidan, shuningdek, moliyaviy va moddiy resurslarning ob’ektiv zaxirasi Jamiyat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining o’z mablag’lari hisobidan tashkil etiladi;

favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun mo’ljallangan moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarining nomenklaturasi va hajmini belgilash;

Jamiyat ehtiyojlari uchun moddiy-texnika resurslari etkazib beruvchilar bilan mustahkam aloqa va hamkorlikni tashkil etish;

resurslar va energiya ta’minoti ishlarini tashkil etish;

temir yo’l transportining safarbarlik tayyorligini ta’minlash va alohida davrda ishlash uchun moddiy resurslarni shakllantirish;

d) tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida:

boshqa davlat temir yo’l ma’muriyatlari, chet el tashkilotlari va kompaniyalari bilan o’rnatilgan tartibda yuk va yo’lovchilar tashish bo’yicha kelishuvlar yoki shartnomalar tuzish;

xalqaro transport aloqalari va logistikani rivojlantirish;

O’zbekiston Respublikasi Hukumatining topshirig’iga asosan va uning nomidan xalqaro temir yo’l transporti tashkilotlarida ishtirok etish;

xorijiy hamkorlar bilan munosabatlarda,yo’lovchi va tashqi yuklarni tashish bilan bog’liq bo’lgan masalalarni hal etuvchi xalqaro transport huquqi sub’ekti sifatida ishtirok etadi;

xalqaro temir yo’l ma’muriyatlarida vakolatli vakillari va/yoki o’z vakolatxonalariga ega bo’lishi yoki tuzishi mumkin;

chet el davlatlarining tegishli boshqaruv organlari bilan temir yo’l transporti faoliyatiga doir kelishuvlar tuzish;

Jamiyat xodimlarining chet ellarga chiqishi uchun belgilangan tartibda pasport-viza hujjatlarini tayyorlash va rasmiylashtirish;

tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, amaldagi qonunchilikda taqiqlanmagan tashqi savdoga oid kredit va boshqa bitimlarni tuzish, belgilangan tartibda eksport-import operasiyalarini amalga oshirish;

e) investisiya siyosati sohasida:

Jamiyat investisiya siyosatining, shu jumladan markazlashtirilgan manbalar hisobidan bo’lgan investisiyalarning uzoq muddatli va o’rta muddatli prognozlarini ishlab chiqish;

barcha moliyalash manbalari hisobidan Jamiyatning yillik investisiya dasturini shakllantirish;

barcha moliyalash manbalari hisobidan amalga oshiriladigan yangi korxonalarni qurish, faoliyat ko’rsatuvchi korxonalarni va temir yo’l transporti ob’ektlarini rekonstruksiya qilish va texnikabilan qayta jihozlashni kengaytirish, asosiy vositalarni xarid qilish, ulardan foydalanish muddatini uzaytirish orqali mukammal-tiklash, ta’mirlash va modernizasiyalash loyihalarini boshqarish;

j) kadrlar, mehnat va ijtimoiy masalalar sohasida:

Jamiyat xodimlarini tanlash va joylashtirish, kasbiy o’sish sharoitlari, mas’uliyat, rag’batlantirish darajasi va ijtimoiy muhofaza qilish tizimlarini belgilash;

Jamiyatning ehtiyojlaridan kelib chiqib kadrlarni o’qitish tizimini tashkil etish;

Jamiyatning ijtimoiy sohasidagi o’quv yurtlari va muassasalarining moddiy bazasini ta’minlash va rivojlantirish;

mutaxassislarni respublika va xorijiy mamlakatlar o’quv muassasalari va korxonalarida tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shuningdek ularning ish o’rganishlarini (stajirovkalarini) ta’minlash;

kadrlar siyosatini samarali  olib borish;

Jamiyatning poezdlar harakati va yo’lovchilarga xizmat ko’rsatish bilan bevosita bog’liq alohida toifadagi xodimlari uchun, amaldagi qonunchilikka muvofiq, mehnat sharoitlari xususiyatlarini, ish vaqti va dam olish vaqti tartibini belgilash;

Jamiyatda korporativ etika qoidalariga rioya qilish.

19. Jamiyat yuqorida qayd etilganlardan tashqari yana quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

temir yo’l transportidan foydalanish qoidalari talablarining bajarilishini nazorat qiladi, poezdlarning harakat xavfsizligi, temir yo’l transporti ob’ektlarining butligini ta’minlash chora-tadbirlarini ko’radi, harakat xavfsizligi buzilishi sabablarini tahlil qiladi, halokatlar, avariyalar, ekologik ofatlarning oldini olish chora-tadbirlarini ko’radi, yuqori darajada xatarli hududlarda bo’lish va ishlarni amalga oshirish qoidalarini ishlab chiqadi;

yo’lovchilar va yuklarni sug’urtalash ishlarini amalga oshiradi;

davlat hududida, to’g’ridan-to’g’ri va qo’shma yo’nalishlarda tashishlarni rivojlantirish, shuningdek boshqa transport turlari bilan hamkorlikda ishlash bo’yicha takliflar ishlab chiqadi;

idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, korxona va tashkilotlarga tegishli harakatlanuvchi tarkibning umumiy foydalanish temir yo’llariga kirishi tartibini belgilaydi;

sanoat korxonalarida temir yo’llar uchun yuboriladigan temir yo’l texnikasi va boshqa mahsulotlarni belgilangan tartibda qabul qilishni (texnik inspeksiyasini) tashkil qiladi;

O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, temir yo’l yaqinidagi ajratilgan yo’laklar hududida yerlardan foydalanish, u yerda bino va inshootlar qurish tartibini belgilaydi;

tegishli qurilish me’yorlari va qoidalarini muvofiqlashtiradi;

umumiy foydalanishdagi temir yo’l va qurilmalarni temir yo’l bilan kesishadigan uzatish quvurlari, aloqa, elektr energiyasi uzatish liniyalari va boshqa muxandislik kommunikasiyalar, shoxobcha yo’llar bilan tutashtirish, kesishish shartlarini, unga kirish yo’llarini, shuningdek umumfoydalanishdagi temir yo’llar va inshootlardan, xavfli va maxsus moddalarni ishlab chiqarish, saqlash, yuklash, transportda tashish va tushirish bilan bog’liq inshootlardan temir yo’l va qurilmalargacha bo’lgan eng kam masofa shartlarini belgilaydi;

temir yo’lni texnikaviy tasarruf etish qoidalari bo’yicha bilimlarni imtihondan o’tkazish va tekshirish tartibini, temir yo’l transportidan foydalanish qoidalarini, yuk ortish va yukni mustahkamlashning texnikaviy shartlarini, Jamiyat xodimlarining boshqa me’yoriy hujjatlarini, umumiy foydalanishdagi yo’llarda lokomotivni sinash tartibi va boshqarish huquqiga guvohnoma berish tartibini, Jamiyat korxonalarining lokomotiv mashinistlariga daraja berish tartibini belgilaydi;

temir yo’l transportidagi elektr, issiqlik va issiqlik-energetika moslamalarida, shuningdek sig’imli idishlarda bosim ostida ishlovchilarning foydalanish qoidalariga to’g’ri rioya etishlarini tashkil qiladi;

poyezdlarning harakati bilan bog’liq bo’lgan, shuningdek zararli, noqulay mehnat sharoiti ta’siriga uchraydigan xodimlarni, Jamiyat tasarrufidagi ta’lim muassalari o’quvchilarini, talabalarini va abiturentlarni tibbiy ogohlantirish va ko’rikdan o’tkazish tartibini belgilaydi;

temir yo’l transportining safarbarlik tayyorgarligi va fuqarolik mudofaasi bo’yicha ishlarni tashkillashtiradi, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qiladi, safarbarlik tayyorgarligining yagona metodikasini ishlab chiqishni amalga oshiradi, manfaatdor tashkilotlar bilan muhim paytda tashishlarni tashkil etish va bajarish masalalari yuzasidan hamkorlikni, safarbarlik davlat zaxirasi va mahsus zaxirada texnik vositalar va moddiy boyliklarning saqlanishini ta’minlaydi;

temir yo’l transporti vositalaridan falokatlarsiz foydalanish, xavfli va maxsusyuklarni tashish jarayonida xavfsizlikni ta’minlashchora-tadbirlarini tashkil qiladi va amalga oshiradi;

davlat sirlarini va xizmatga doir ma’lumotlarni oshkor etishdan muhofaza qilish bo’yicha zarur chora-tadbirlar ko’rilishini ta’minlaydi;

temir yo’l transporti sohasida ma’lumot berish xizmatlarini amalga oshirish;

qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshirish.

III bo’lim. Jamiyatning ustav fondi (kapitali). Uni ko’paytirish yoki kamaytirish tartibi. 

Jamiyatning aksiyalari, obligasiyalari va boshqa qimmatli qog’ozlari

20. Davlat korxonasi negizida tashkil etilgan “O’zbekiston temir yo’llari” aksiyadorlik jamiyati qayta tashkil etish paytigacha davlat korxonasiga tegishli bo’lgan mavjud mulk, pul mablag’lari va boshqa moliyaviy resurslar, shuningdek qarzlarning to’liq huquqiy vorisi hisoblanadi.

21. Jamiyat ustav fondining (kapitalining) dastlabki miqdori Jamiyat mulkini baholash asosida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 3martdagi 108-sonqarori, O’zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo’mitasining 2001 yil 20 avgustdagi 239k-PO buyrug’i asosida belgilangan.

22. Jamiyat ustav fondi (kapitali)ning miqdori 4 158 755 605 520 so'm bo'lib, 9 671 524 664 ta oddiy aktsiyalarga bo'lingan.

23. Oddiy aksiyaning nominal qiymati 430 so’mni tashkil etadi.

24. Jamiyat aksiyalari davlat mulki hisoblanadi va sotilishi yoki boshqacha tarzda o’zgaga berilishi, garovga qo’yilishi mumkin emas, shuning uchun ular ikkilamchi qimmatli qog’ozlar chiqarish uchun ta’minlashga xizmat qilishi mumkin emas.

25. Jamiya ustav fondi (kapitali) qo’shimcha aksiyalar joylashtirish yo’li bilan ko’paytirilishi mumkin.

26. Jamiyat ustav fondini (kapitalini) ko’paytirish (aksiyalarni joylashtirish narxini belgilash, aksiyalar emissiyasi risolasi va ularni chiqarish) va bu to’g’rida mazkur ustavga tegishli o’zgartirish kiritish haqidagi qarorni Jamiyat aksiyadori qabul qiladi. Ushbu masala bo’yicha Jamiyat Kengashi (kuzatuv kengashi) yig’ilishi o’tkazilmaydi.

27. Agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan bo’lsa, qo’shimcha aksiyalar yopiq obuna usulida faqat Davlatga joylashtirilishi mumkin.

28. Qo’shimcha ravishda chiqarilgan aksiyalar uni chiqarish to’g’risidagi qarorda belgilangan, lekin davlat ro’yxatidan o’tkazilgan paytdan e’tiboran bir yildan ortiq bo’lmagan muddatda joylashtirilishi lozim.

29. Jamiyat ustav fondini (kapitalini) oshirish uchun oddiy, e'lon qilingan nominal qiymati 430 so'm bo'lgan 11 403 327 085 dona - umumiy qiymati 4 903 430 646 550 so'mga qo'shimcha aksiyalarni joylashtirish huquqiga ega.

30. E’lon qilingan aksiyalarning umumiy soni doirasida chiqarishda va joylashtirishda aksiyalarning sotib olingan qismi Jamiyat ustav fondiga (kapitaliga) o’tkaziladi.

31. Jamiyatning ustav fondi (kapitali) aksiyalarning nominal qiymatini kamaytirish yoki aksiyalarning umumiy sonini qisqartirish yo’li bilan, shu jumladan, aksiyalarning bir qismini keyinchalik bekor qilgan holda Jamiyat tomonidan aksiyalarni olish yo’li bilan kamaytirilishi mumkin.

32. Jamiyat ustav fondini (kapitalini) kamaytirish va Jamiyat Ustaviga tegishli o’zgartirish kiritish to’g’risidagi qaror Jamiyat Kengashining (kuzatuv kengashining) yig’ilishini o’tkazmasdan, Jamiyat aksiyadori tomonidan qabul qilinadi.

33. Jamiyatda ustav fondining (kapitalining) 25 foizi miqdorida zaxira fondi tashkil etiladi.

34. Jamiyatning zaxira fondi har yili sof foydadan yillik majburiy to’lovlar ajratish yo’li bilan ustav fondining (kapitalning) 25 foiziga etmagungacha shakllantirib boriladi.

35. Zaxira fondiga ajratmalarning yillik hajmi Jamiyat daromadining 5 foizidan kam bo’lmasligi lozim.

36. Jamiyatning zaxira fondidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalaniladi.

37. Jamiyat Kengashining qaroriga binoan boshqa fondlar ham tashkil etilishi mumkin.

IV bo’lim. Jamiyatning huquqlari

38. Jamiyat Ustavda belgilangan vazifa va funksiyalarini bajarish maqsadida quyidagi huquqlarga ega:

O’zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti va aholisi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda davlat buyurtmalari va bevosita shartnomalar (kontraktlar) asosida sotiladigan maxsulot, ishlar va xizmatlar hajmini mustaqil ravishda belgilash;

o’z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga egalik qilish va ularni amalga oshirish, zimmasiga majburiyatlar olish, sudda da’vogar va javobgar bo’lish;

belgilangan tartibda bo’linmalar, markazlar, firmalar, korxonalar, filiallar, vakolatxonalar, qo’shma korxonalar tashkil etish, turli respublikadagi va xalqaro tashkilotlar va birlashmalarga a’zo bo’lish;

qonunchilikda belgilangan tartibda aksiya va boshqa qimmatli qog’ozlarini chiqarish va joylashtirish, shuningdek O’zbekiston Respublikasi hududida va undan tashqarida aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalari va boshqa qimmatli qog’ozlarini sotib olish;

Jamiyatning ishchilariga va boshqa shaxslarga, jumladan zayom ajratgan holda uy-joylar qurish, sotib olish va ularni belgilangan tartibda jismoniy va yuridik shaxslarga sotish;


V bo’lim. Jamiyat faoliyatini boshqarish

39. Jamiyatning aksiyadori, kuzatuv kengashi va ijro etuvchi organi Jamiyatning boshqaruv organlaridir.

40.  “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 58-moddasiga movofiq, Jamiyatda aksiyadorning umumiy yig’ilishi vakolatiga kiritilgan masalalar bo’yicha qarorlar Jamiyatning yagona aksiyadori tomonidan yakka tartibda qabul qilinadi, hamda yozma shaklda rasmiylashtiriladi.

41. Jamiyatning Kengashi - kuzatuv kengashi (keyingi o’rinlarda Kengash deb ataladi) funksiyalarini bajaradi.Kengash 6 kishidan iborat.

42. Jamiyat Boshqaruvi Jamiyatning ijro etuvchi organi hisoblanadi, u 8 kishidan iborat.

43. Jamiyat Boshqaruvi raisi qonunchilikda belgilangan tartibda tanlov asosida tayinlanadi. Jamiyat Boshqaruv raisi lavozimiga chet ellik menedjer tayinlanishi mumkin.

44. Jamiyat Boshqaruv a'zolari qonunchilikda belgilangan tartibda tayinlanadi.

45. Jamiyat va uning tarkibiy bo’linmalari, korxonalari, tashkilotlari va muassasalario’rtasidagi munosabatlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Jamiyat aksiyadorining vakolatlari

46. Jamiyat yagona aksiyadorining vakolatlariga quyidagilar kiradi:

Jamiyat ustaviga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish,  jumladan Jamiyat ustav fondini (ustav kapitalini) oshirish va e’lon qilingan aksiyalar sonini kamaytirish,  shuningdek Jamiyatning yangi tahrirdagi ustavini tasdiqlash;

Jamiyatni qayta tashkil etish;

Jamiyatni tugatish, tugatuvchini (tugatish komissiyasini) tayinlash hamda oraliq va yakuniy tugatish balanslarini tasdiqlash;

e’lon qilingan aksiyalarning eng ko’p miqdorini belgilash;

Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini), ko’paytirish yoki kamaytirish;

Jamiyatning o’z aksiyalarini olish;

Jamiyatning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash;

Jamiyatning moliya-xo’jalik faoliyatini nazorat qilish uchun taftish komissiyasi a’zolarini saylash va ularning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish, shuningdek taftish komissiyasi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash;

Illik hisobotini tasdiqlash;

Biznes-rejasini, shuningdek jamiyat faoliyatining asosiy yo’nalishlari va maqsadidan kelib chiqqan holda jamiyatni o’rta muddatga va uzoq muddatga rivojlantirishning aniq muddatlari belgilangan strategiyasini tasdiqlash;

belgilangan tartibda tayinlanganidan so’ng, boshqaruv raisi va a’zolari bilan mehnat shartnomasini Jamiyat nomidan tuzish;

Jamiyat boshqaruviga to’lanadigan haq va (yoki) kompensasiyalarni, shuningdek ularning eng yuqori miqdorlarini belgilash;

Jamiyatning foydasi va zararlarini taqsimlash;

auditorlik tekshiruvini o’tkazish to’g’risida, jumladan Jamiyatning moliyaviy hisobotini Xalqaro moliyaviy standartlargamuvofiqtashqi audit qilish bo’yicha auditorlik tashkilotini va uning xizmatlariga to’lanadigan haqning eng ko’p miqdorini belgilash haqida qaror qabul qilish;

Jamiyat taftish komissiyasining o’z vakolati doirasiga kiradigan masalalar yuzasidan, jumladan jamiyatni boshqarishda qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etishbo’yicha xulosalarini eshitish;

Jamiyat nomidan Jamiyat ichki audit xizmati xodimlari belgilangan tartibda tayinlanganidan so’ng mehnat shartnomasini tuzish;

Jamiyat boshqaruv va nazorat organlari bildirgilari (hisobotlari) shakl va tarkibiga talablarni belgilash;

Jamiyat aksiyalarni maydalash va yiriklashtirish;

Jamiyat tomonidan korporativ obligasiyalar, shu jumladan aksiyalarga ayirboshlanadigan obligasiyalar chiqarish to’g’risida qaror qabul qilish;

qimmatli qog’ozlarning hosilalarini chiqarish to’g’risida qaror qabul qilish;

qimmatli qog’ozlar chiqarish, qimmatli qog’ozlar emissiya risolasini chiqarish, o’zgartirish va/yoki ularga qo’shimchalar kiritish qarorini va matnini tasdiqlash;

Jamiyatning korporativ obligasiyalarini qaytarib sotib olish to’g’risida qaror qabul qilish;

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 34-moddasiga muvofiq aksiyalarni joylashtirish (qimmatli qog’ozlarning birja bozoriga va uyushgan birjadan tashqari bozoriga chiqarish) narxini belgilash;

Jamiyat aksiyalarni maydalash va yiriklashtirish;

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 8 va 9-boblarida nazarda tutilgan holatlarda Jamiyat tomonidan bitimlar tuzish to’g’risida qaror qabul qilish;

dividendlarni miqdori, to’lash shakli va tartibi bo’yicha qaror qabul qilish;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni hal etish;

Jamiyat Kengashi

47. Jamiyat Kengashi vakolatiga quyidagilar kiradi:

Jamiyat faoliyatining ustuvor yo’nalishlarini belgilash;

mol-mulkning bozor qiymatini belgilashni tashkil etish;

Jamiyatning yillik biznes-rejasini ma’qullash. Bunda Jamiyatning kelgusi yilga mo’ljallangan biznes-rejasi Jamiyat Kengashi majlisida joriy yilning 1 dekabridan kechiktirmay ma’qullanishi lozim;

ichki audit xizmatini tashkil etish va uning xodimlarini tayinlash, shuningdek har chorakda uning hisobotlarini eshitib borish;

Jamiyat ijro etuvchi organining faoliyatiga daxldor har qanday hujjatlardan belgilangan tartibdaerkin foydalanish va Jamiyat Kengashiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun ushbu hujjatlarni ijro etuvchi organdan olish. Jamiyat Kengashi va uning a’zolari olingan hujjatlardan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi mumkin;

Zaruriyat tug’ilganda Jamiyatda korporativ boshqaruv tizimini baholash uchun tanlov asosida mustaqil tashkilotni jalb etish; 

Jamiyat biznes-rejasida belgilangan maqsadlarga erishishni monitoring qilish;

Korporativ boshqaruv kodeksi bajarilishini nazorat qilish;

Jamiyatning taftish komissiyasi a’zolariga to’lanadigan haq va kompensasiyalarning miqdorlari yuzasidan tavsiyalar berish;

Jamiyatning aksiyadoriga dividend miqdori, uni to’lash shakli va tartibi yuzasidan tavsiyalar berish;

Jamiyatning zaxira va boshqa fondlaridan foydalanish;

Jamiyatning filiallarini tashkil etish va vakolatxonalarini ochish;

Jamiyatning sho’ba va tobe xo’jalik jamiyatlarini tashkil etish;

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 8 va 9-boblarida nazarda tutilgan holatlarda bitimlar tuzish haqida qaror qabul qilish;

Jamiyatning tijorat va notijorat tashkilotlardagi ishtiroki bilan bog’liq bitimlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzish.

48. Jamiyat Kengashi faoliyatining tartibi Jamiyat Kengashi to’g’risidagi Nizomda belgilanadi.Jamiyat ustaviga taftish komissiyasi, kengash va boshqaruv a'zolari soni o`zgarishi bilan bog`liq o`zgarishlar Kengash yig`ilishi o`tkazmasdan aksiyador tomonidan kiritiladi. 

49. Jamiyat Kengashining vakolati doirasiga kiritilgan masalalar Jamiyat Boshqaruviga hal etish uchun berilishi mumkin emas.

50. Jamiyat Kengashi qarorlari, qonunchilikda va mazkur Ustavda boshqa qoida belgilanmagan bo’lsa, oddiy ko’pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.

51. Jamiyat Kengashining yig’ilishlari har chorakda kamida bir marta o’tkaziladi.

52. Jamiyat Kengashining qarorlari sirtdan ovoz berish yo’li bilan (so’rov yo’li bilan) Jamiyat Kengashining barcha a’zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilinishi mumkin.

53. Jamiyat Kengashi raisi, Kengash tomonidan qaror qabul qilish paytida, agar ovozlar soni teng bo’lib qolsa, hal qiluvchi ovozga ega bo’ladi.

 

Jamiyat Boshqaruvi

54. Jamiyatning joriy faoliyatiga rahbarlik Jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi - Boshqaruv tomonidan amalga oshiriladi.

55. Jamiyat Boshqaruvi vakolatiga quyidagilar kiradi:

temir yo’l transporti tarmog’ini rivojlantirish va takomillashtirish konsepsiyasini ishlab chiqish;

temir yo’l transportini iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yo’nalishlarini belgilash;

Jamiyat faoliyatining asosiy yo’nalishlari loyihasini ishlab chiqish;

Jamiyatning biznes-rejasini ishlab chiqish;

Jamiyatning harakatlanuvchi tarkibi, mashinalar, mexanizmlar va boshqa maxsus texnikaga, hamda ularni sotib olish uchun mablag’larga ehtiyojini, shuningdek markazlashtirilgan va boshqa manbalar hisobidan hamda investisiya dasturlari hisobidan moliyalashtiriladigan temir yo’l transporti infratuzilma ob’ektlari qurilishlari bo’yicha va qurilish-montaj ishlariga yo’naltiriladigan kapital mablag’lar hajmini aniqlash;

moliyaviy-iqtisodiy ishlarni tashkil etish va Jamiyattashkiliy tuzilmasiga kiradigan bo’linma, korxona, tashkilot va muassasalarni moliyalash;

davlatning ichki temir yo’l tarmog’ida va aralash tashishlarda yuk, yo’lovchi, pochta, bagaj va yuk bagaj tashish, shuningdek temir yo’l xizmatlari ko’rsatilganligi uchun qo’shimcha yig’imlar tariflarini ishlab chiqish. Ushbu tariflarni tasdiqlash va yig’imlar olish tartibini ishlab chiqish qonun xujjatlarida belgilangan tartibda, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 23 oktyabrdagi 232-son qarori bilan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasining temir yo’l Ustaviga va “Temir yo’l transporti to’g’risida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi;

kapital mablag’lar, ilmiy tadqiqotlar va umumiy ahamiyatga ega bo’lgan boshqa ishlarni moliyalashtirish uchun markazlashtirilgan fondlar va zaxiralarni shakllantirish;

temir yo’l ma’muriyatlari, yuk jo’natuvchilar, yuk oluvchilar va ekspeditorlik tashkilotlarining tegishli murojaatlariga asosan hamda iqtisodiy maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda, O’zbekiston Respublikasi hududi bo’ylab temir yo’l transportida yuklarni tashishga imtiyozli tariflar taqdim etish;

belgilangan tartibda Jamiyattashkiliy tuzilmasiga kiruvchi kiruvchi korxonalar, tashkilotlar, muassasa va boshqa tuzilmalarni tashkil etish, qayta tuzish va tugatish bo’yicha takliflar tayyorlash, ularning vakolatlarini belgilash;

Jamiyat mulkini, shuningdek tarkibiy aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatini amaldagi  qonunchilikkka muvofiq boshqarish;

Jamiyat aksiyador yoki ulushdor sifatida ishtirok etuvchi yuridik shaxslar ustav fondiga qo‘shimcha hissa qo‘shish, ushbu yuridik shaxslar ustav fondidagi ulushini oshirish yoki kamaytirish, ularning tarkibidan chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

qiymati Jamiyat sof aktivlari qiymatining 15 foizigacha bo’lgan bitimlarni tuzish, bunday masalaning echimi Jamiyat Boshqaruvining bir ovozdan qabul qilgan qarori asosida hal etiladi. Bunday yirik hajmdagi bitim tuzish yuzasidan Jamiyat Boshqaruvida yakdil qarorga erishilmasa, ushbu bitimni tuzish Jamiyat Boshqaruvi qaroriga ko’ra ko’rib chiqib hal etish uchun Jamiyat Kengashiga havola etilishi mumkin;

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining qarori yoki topshirig’iga muvofiq, Jamiyatning tijorat va notijorat tashkilotlardagi ishtiroki bilan bog’liq bitimlarni tuzish;

Jamiyatning formali kiyim va ajratib turadigan nishonlarni olish va kiyish huquqiga ega bo’lgan xodimlari lavozimlari ro’yxatini tasdiqlash;

Jamiyat Ustaviga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish bo’yicha takliflar ishlab chiqish;

Jamiyat korxonalari va tashkilotlarining moliyaviy-xo’jalik faoliyatiga oid yillik hisobotlarini va balanslarini tasdiqlash;

Jamiyat tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi tashkilot, muassasa,korxonalarni sotish shartlari va tartibini ko’rib chiqish yuzasidan Jamiyat Kengashiga takliflar tayyorlash;

Jamiyat Kengashiga, keyinchalik takliflar kiritish uchun, temir yo’l transporti masalalari bo’yicha amaldagi qonunchilikni takomillashtirish masalalarini ko’rib chiqish;

Jamiyat asosiy faoliyati bo’yicha korxona va tarkibiy bo’linmalari, ijtimoiy soha muassasalarining smeta xarajatlarini tasdiqlash;

Jamiyatning lokal hujjatlari tasdiqlash;

Jamiyat xodimlari mehnatiga haq to’lash shakllari, tizimlari va miqdorlarini tasdiqlash, shuningdek xodimlarni xo’jalik faoliyati yakunlariga ko’ra rag’batlantirish to’g’risidagi takliflarni ko’rib chiqish va tasdiqlash.

56. Jamiyat Boshqaruvi belgilangan tartibda  Jamiyatning ijro etuvchi apparati tashiliy tuzilmasi bo’yicha taklifni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi, bunda boshqaruv xodimlarining belgilangan soni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

57.Jamiyat Boshqaruvi raisi rahbarlik qiladigan ijro etuvchi apparati ekspluatasiya, ishlab chiqarish, moliyaviy va boshqa turdagi Jamiyat aksiyadori, Kengashi vakolatiga kirmaydigan faoliyatiga oid masalalar bo`yicha qaror qabul qiladi.

 

Jamiyat Boshqaruvi raisi

58. Jamiyat Boshqaruvi raisi:

Jamiyat faoliyatiga rahbarlik qiladi, Jamiyatga yuklangan vazifalarning bajarilishi, hamda mazkur Ustavga rioya qilinishi yuzasidan shaxsan javobgar hisoblanadi, boshqaruv a’zolari o’rtasida vazifalarni taqsimlaydi, Jamiyat faoliyatiga oid masalalarni hal etishda ularning vakolatlarini belgilaydi;

Jamiyat aksiyadori, Kengashi va Boshqaruvi qarorlarining ijro etilishi yuzasidan nazoratni ta’minlaydi;

zarur hollarda Jamiyatningijro etuvchi apparati tarkibiga, mintaqaviy temir yo’l tarmoqlari boshqaruv apparatining va Jamiyatning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi boshqa korxona, tashkilotva muassasalari tarkibiga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni doirasida o’zgartirishlar kiritadi;

ijro etuvchi apparatining boshqarmalari, markazlari va bo’limlari to’g’risidagi Nizomlarni tasdiqlaydi;

Jamiyat mablag’larini belgilangan tartibda, ishonchnomasiz tasarruf etadi, banklarda hisob va boshqa raqamlar ochadi, Jamiyatning hisob-kitob hujjatlari va hisobotlarini imzolaydi, O’zbekiston Respublikasi davlat organlari va boshqa yuridik va jismoniy shaxslari bilan hamda undan tashqaridagi munosabatlarda Jamiyat nomidan ish yuritadi, Jamiyat nomidan kelishuvlar, shartnomalar, kontraktlar va boshqa bitimlar tuzadi, bunday bitimlarni amalga oshirish uchun ishonchnomalar beradi;

Jamiyat aksiyadori, Kengashi va O’zbekiston Respublikasi Hukumatiga ko’rib chiqish uchun Jamiyat vakolati doirasiga kiradigan masalalar yuzasidan qonun hujjatlari va boshqa me’yoriy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritadi;

Jamiyat tarkibiga kiruvchi boshqarmalar, markazlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va tarkibiy bo’linmalar Ustavlari va Nizomlarini tasdiqlaydi;

Jamiyatning barcha mansabdor shaxslari va xodimlari bajarishi shart bo’lgan buyruqlar, farmoyishlar, ko’rsatmalar chiqaradi, shuningdek o’zining vakolati doirasiga kiruvchi masalalarga oid yo’riqnomalarni va boshqa hujjatlarni tasdiqlaydi;

Jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalar rahbarlari chiqargan amaldagi O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga, shuningdek Ustav va Jamiyat boshqaruvi qarorlariga zid bo’lgan buyruqlarni va boshqa hujjatlarni bekor qiladi;

Jamiyat va uning korxonalari ishlab chiqarish-moliyaviy istiqbol rejalarining asosiy ko’lamlarini, Jamiyatning ijro etuvchi devoni hamda Jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalar, muassasalar, tarkibiy bo’linmalar shtatlari jadvallarini tasdiqlaydi;

Jamiyatni rivojlanishi uchun zarur miqdordagi foyda olish choralarini ko’radi;

Boshqaruv majburiyati va Jamiyatning biznes-xavfini sug’urtalashni ta’minlaydi;

Jamiyat tarkibiga kiruvchi boshqarmalar, markazlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va tarkibiy bo’linmalar rahbarlarini belgilangan tartibda tayinlaydi;

Jamiyatning ijro etuvchi devoni, korxona va tashkilotlar xodimlari lavozimlari nomenklaturasini tasdiqlaydi va unga muvofiq ularni ishga qabul qilish, ish joyini o’zgartirish, boshqa ishga o’tkazish hamda mehnat shartnomalarini bekor qilishni amalga oshiradi;

Jamiyatning boshqa tarkibiy bo’linmalari va ishlab chiqarish birliklarining o’zaro samarali hamkorligini ta’minlaydi;

Jamiyat xodimlariga nisbatan amaldagi qonunchilikda va Jamiyat xodimlarining intizomi haqidagi nizomda nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qo’llaydi;

xodimlarni mukofotlash to’g’risidagi nizomni tasdiqlaydi, lavozim bo’yicha ish haqlarini, ularga ustamalarni, turli qo’shimcha to’lovlarni belgilaydi, Jamiyat xodimlarini rag’batlantiradi, shuningdek, Jamiyat xodimlarini ijtimoiy himoyalash maqsadida kompensasiya to’lovlarini joriy etadi;

Jamiyatning ilg’or xodimlarini belgilangan tartibda ko’krak nishonlari, faxriy yorliqlar bilan mukofotlaydi va rag’batlantirishning boshqa turlarini qo’llaydi;

Jamiyat ishchilarini ijtimoiy kafolat, mehnat muhofazasi va sanoat xafvsizligiga rioya qilinishini ta’minlaydi;

Jamoaviy muzokaralarda Boshkaruvi vakillarining qatnashuvini ta’minlaydi va soha kelishuvi tuzishda raxbariyat sifatida chiqadi.

Jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalarning moliyaviy-xo’jalik faoliyati holati uchun mas’ul hisoblanadi hamda ulardagi moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga yo’naltirilgan zarur choralarni ko’radi;

Jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalarining moliyaviy-xo’jalik faoliyatini tekshirish to’g’risida qaror qabul qiladi, ularning natijalarini ko’rib chiqadi va ular yuzasidan hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo’yicha qarorlar qabul qiladi va zarur choralar ko’radi;

Jamiyatning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi korxona, tashkilot va muassasalarning boshqaruv organlarida o’z vakillarining Jamiyat nomidan ovoz berishida ularning  o’rnini belgilab beradi;

Jamiyat tomonidan amaldagi qonunchilik, lokal va me’yoriy xujjatlarga rioya etilishini ta’minlaydi.

VI bo’lim. Jamiyatning mulki, vositalari va sarmoyalari

59. Jamiyatning mulki egalik qilish, foydalanish, tasarruf etish ob’ektlari bo’la oladigan moddiy ob’ektlar, shu jumladan pul mablag’lari, qimmatli qog’ozlar, ulushlar (paylar, hissalar) hamda nomoddiy ob’ektlarlaridan iborat bo’ladi;

60. Jamiyat o’zining mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mulkiga ega bo’ladi. Jamiyat o’z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga egalik qilishi va ularni amalga oshirishi, majburiyatlar bo’yicha javob berishi, sudda da’vogar va javobgar sifatida ishtirok etishi mumkin.

61. Jamiyat mulki quyidagi manbalar hisobidan shakllanadi:

mahsulotlarni sotishdan, ish va xizmat ko’rsatishdan, shuningdek xo’jalik faoliyatining boshqa turlaridan olinadigan daromadlar;

sotib olingan qimmatbaho qog’ozlardan tushgan daromadlar;

ustav kapitalida ulushga ega bo’lgan nodavlat mulkchilik shaklidagi sub’ektlar foydasidan, shuningdek dividendlar tarzida olinadigan daromadlar;

markazlashgan va markazlashmagan ajratmalar va mablag’lar;

O’zbekiston Respublikasi qonunchiligi tomonidan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

62. Jamiyatning daromadi barcha turdagi tashishlar, bajariladigan ish va xizmatlar, shuningdek Jamiyatning tarkibiy bo’linma va korxonalarining mahsulotini sotishdan tushadigan tushumlardan markazlashgan tartibda shakllanadi.

63. Jamiyatning tarkibiy bo’linmalari, korxonalari, tashkilotlari va muassasalari o’rtasida bepul (beminnat) beriladigan (olinadigan) mol-mulkning qiymati daromad (zarar) deb hisoblanmaydi va qabul qilib oluvchi (beruvchi) tomonidan qo’shimcha qiymat solig’i va daromad solig’i bo’yicha soliqqa tortilmaydi;

64. Jamiyat korxonalari o’rtasidagi ichki ko’chirishlar (o’tkazishlar), tashish jarayonini ta’minlash bilan bog’liq ish bajarish, xizmat ko’rsatishlar mahsulot sotish (ish, xizmat)dan olinadigan daromad (aylanma) sifatida qaralmaydi.

65. Jamiyat o’z tasarrufidagi bo’lgan mulk va mablag’lardan barcha korxonalarning manfaatlarini ko’zlab foydalanadi. Belgilangan tartibda qurishi, qayta tiklashi, sotib olishi, ko’chma va ko’chmas mulkni xarid qilishi, olishi, ijaraga olishi va berishi (ijaraga berilayotgan mulkning ijara haqi yuz foiz miqdorida ushbu mulkni balansida saqlovchi korxonaning hisob raqamiga tushadi)hamda qonun xujjatlariga zid bo’lmaganboshqa faoliyatlarni amalga oshirishi mumkin.

66. Yangi va mavjud temir yo’l liniyalari, temir yo’l transporti ob’ektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, faoliyat yurituvchi korxonalarni kengaytirish, rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlash, harakatlanuvchi tarkibni sotib olish, xizmat muddatini uzaytiruvchi mukammal qayta tiklash, ta’mirlash O’zbekiston Respublikasining investisiya dasturi va Jamiyatning o’z mablag’lari hamda boshqa moliyalash manbalari hisobidan mo’ljallangan manzilli qurilishlar dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.

67. Jamiyat faoliyati natijalari bo’yicha olingan foyda (daromad), soliqlar va byudjetga to’lanadigan boshqa to’lovlar amalga oshirilgandan so’ng Jamiyat aksiyadori qaroriga muvofiq taqsimlanadi.

68. Jamiyat va uning tarkibiy bo’linmalari quyidagi huquqlarga ega:

o’zlari ro’yxatga olingan manzillar bo’yicha pul mablag’larini saqlash va barcha turdagi hisob-kitob, kredit hamda kassa operasiyalarini amalga oshirish maqsadida istalgan bankda hisob-kitob raqamlari va boshqa raqamlar ochish;

markazlashtirilgan kapital mablag’larini moliyalashtirish, ijtimoiy soha va o’quv muassasalariga ega bo’lish, korxonalarga moliyaviy yordam ko’rsatish va shunga o’xshash boshqa maqsadlar uchun Jamiyat Markaziy Jamg’armasiga sof foyda hisobidan (soliqlar to’langandan so’ng) pul mablag’larini jamg’arish va berish;

Jamiyat bo’linmalarida mukammal ta’mirlash ishlarini bajarish va alohida ehtiyojlar uchun (II guruh ehtiyot materiallarini saqlash) mablag’lar zaxirasini yaratish.

 

VII bo’lim. Hisobga olish, hisobot berish va nazorat

69. Jamiyat va uning bo’linmalari buxgalteriya hisobining Milliy andozalariga muvofiq tezkor va buxgalteriya hisobini yuritadi, shuningdek, amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda buxgalteriya va statistika hisobotlarini tuzadi.

70. Jamiyat korxonalari belgilangan tartibda Jamiyatga, soliq va boshqa davlat idoralariga amaldagi qonun xujjatlariga muvofiq o’zining moliyaviy-xo’jalik faoliyati natijalari haqidagi zarur ma’lumotlarni taqdim etadi.

71. Jamiyat va uning tarkibiga kiruvchi korxona va bo’linmalarining moliyaviy-xujalik faoliyati nazorati moliyaviy hamda taftish xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi. SHuningdek, taftish ichki va tashqi audit asosida amalga oshiriladi.

72. Aksiyador tomonidan saylanadigan taftish komissiyasi Jamiyatning moliyaviy-xo’jalik faoliyatini nazorat qiladi va moliyaviy hisobotlarda aks etgan ma’lumotlarni to’g’riligi bo’yicha xulosa, shuningdek moliyaviy-xo’jalik faoliyatini amalga oshirishda, buxgalterlik hisobini olib borish tartibi va moliyaviy hisobotni taqdim qilishda qonunchilikni buzish holatlari to’g’risidagi ma’lumotlarni Jamiyat aksiyadoriga taqdim etadi.

73. Jamiyat va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar moliyaviy-xo’jalik faoliyatining ichki auditi, ular tomonidan mulk va mablag’lardan maqsadli foydalanishini tekshirish, shuningdek Jamiyat ijro organining ishini nazorat qilish va baho berish Jamiyatning ichki audit xizmati tomonidan amalga oshiriladi.

74. Jamiyat va uning korxonalari moliyaviy-xo’jalik faoliyatining tashqi auditi, amaldagi qonun xujjatlariga muvofiq, shartnoma asosida auditorlik tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

75. Jamiyat buxgalteriya hisobining tashkil etilishi, uning holati va haqqoniyligi, yillik hisobot va boshqa moliyaviy hisobotlarning tegishli idoralarga o’z vaqtida taqdim etilishi, shuningdek, Jamiyatning faoliyati haqida kreditorlarga va ommaviy axborot vositalariga taqdim etilgan ma’lumotlar uchun amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ravishda Jamiyatning ijro etuvchi organi mas’uldir.

76. Ko’rsatilgan hujjatlarni e’lon qilishdan oldin Jamiyat, yillik moliyaviy hisobotlarni tekshirish va tasdiqlash uchun Jamiyat yoki uning korxonalari bilan mulkiy manfaatlar bilan bog’liq bo’lmagan auditorni jalb etishi shart.

77. Jamiyat:

Belgilangan tartibda ro’yxatga olingan Jamiyat Ustavini xamda Ustavga kiritilgan o’zgartirish va qo’shimchalarni, Jamiyatning tuzilishi va qayta tashkil etilishigadoir hujjatlarni, Jamiyatning davlat ro’yxatiga olinishi haqidagi guvohnomani;

Jamiyatning o’z balansida bo’lgan mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni;

Jamiyat tarikibiga kiruvchi korxonalar va bo’linmalar, Jamiyat filiallari va vakolatxonalarihaqidagi nizomlarni;

Jamiyat aksiyadori, Kengashi va Boshqaruvi majlislarining bayonnomalarini, shuningdek Jamiyat Boshqaruvining buyruq va farmoyishlari;

davlatning tegishli organlariga taqdim etiladigan Jamiyatning moliyaviy hisobotlari;

hay’atlar, auditorlik tashkilotlari, davlat nazorat idoralarining xulosalari va hisobotlarini;

Jamiyat Ustavida, Jamiyat boshqaruvi organlari qarorlarida, xamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlarni o’zida saqlashi shart.

VIII bo’lim. Jamiyatni qayta tashkil etish va tugatish

78. Jamiyatni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

“O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati USTAVIni yuklash.

Aksiyadorlar bilan korporativ munosabat boshqarmasi