Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

20:13:03 (GMT +5), payshanba, 28 mart 2024

Toshkent metropoliteni: sarhisob va rejalar

O'zbekiston Milliy Matbuot markazida Toshkent shaxrida Sergeli va Yunusobod yo'nalishidagi metro qurilishi, poytaxtimiz atrofidagi katta xalqa yo'li bo'ylab harakat qiladigan yer usti metrosining qurilishi jarayoni, 2017 yil tahlili hamda 2018 yilda amalga oshiriladigan ishlarga bag'ishlab brifing o'tkazildi. 

Unda “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o'rinbosari, “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi rahbari O.Xudoyqulov OAV vakillariga bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xaqida keng ma'lumotlar berdi.
Brifingda ta'kidlanganidek, bugungi kunda poytaxtimizda metro qurilishi bo'yicha 3 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ular Sergeli, Yunusobod hamda xalqa metro yo'li qurilishi loyihalaridir.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 noyabrdagi qaroriga muvofiq uzunligi 7,1 kilometr bo'lgan Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish bo'yicha bunyodkorlik ishlari hozirgi kunda qizg'in olib borilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati – 170,1 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Mazkur qarorga ko'ra yangi liniyani 2020 yilga qadar qurib foydalanishga topshirish ko'zda tutilgan. Ta'kidlanishicha, Sergeli metro liniyasi bugungi kungacha Markaziy Osiyoda qo'llanilmagan butunlay yangicha estakada usulida bunyod etilmoqda. Ya'ni mazkur yo'l ko'priksimon tarzda quriladi, poezdlar yer ustida harakatlanadi. “Boshtransloyiha” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan asosiy loyiha ishlab chiqilgan bo'lib, unga ko'ra ushbu yo'nalishdan 6 ta bekat o'rin olgan. O'tgan qisqa vaqt mobaynida “Ko'prikqurilish” tresti unitar korxonasining tajribali mutaxassislari tomonidan ulkan ishlar amalga oshirildi. Qurilish montaj jarayonlarini keng ko'lamda olib borilishini ta'minlash maqsadida zarur bo'lgan zamonaviy texnikalar va mexanizmlar olib kelindi. Ko'pchilikni qiziqtiradigan yana bir jihat, poezdlar to'xtash maskani, ya'ni bekatlar 4 ta vagondan iborat metro poezdiga mo'ljallanib quriladi. Bekatlarda yo'lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus lift va eksalatorlar o'rnatiladi.

“Toshkent metropoliteni Yunusobod yo'nalishining ikkinchi bosqichi qurilishi” loyihasining esa umumiy qiymati – 124,8 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Barpo etilayotgan yangi yo'lning umumiy uzunligi 2,93 kilometrdan iborat. Loyiha 2019 yilda to'la nihoyasiga yetkazilishi ko'zda tutilgan. Bugungi kunda ushbu ob'ektga 100 nafardan ortiq malakali muxandis va ishchilar hamda 40 ga yaqin maxsus texnika va mexanizmlar jalb etilgan. Hozirgacha ushbu qurilishda kotlovanni tayyorlash va tuproqni chiqarib tashlash ishlari to'liq yakunlandi.

Ma'lumotlarga ko'ra xorijiy davlatlarning oldi korxonalari bilan hamkorlik qilib, qurilish jarayoniga zamonaviy texnikalar olib kelingan. Xususan ushbu liniyaning yopiq qismida qurilish ishlarini olib borish uchun Germaniyaning «HERRENKNECHT» kompaniyasi bilan hamkorlikda, diametri qariyib 6 metrni tashkil etuvchi, tonnel qazish uskunasi olib keltirildi va hozirgi kunda uni montaj qilish ishlari olib borilmoqda. Ushbu kompleks mart oyining oxirlarida ishga tushiriladi. Bundan tashqari, jahonga mashhur brend korxonalari hisoblangan, jumladan, Germaniyaning boshqa korxonalari,shuningdek, Italiya, Xitoy, Serbiya davlatlari korxonalari bilan hamkorlik shartnomalari tuzilib, zamonaviy qurilish texnikalarining aksariyati bugungi kunda Respublikamizga olib kelingan. O'rta Osiyoda yagona bo'lgan 2 ta 220 tonnalik yukni ko'taradigan zanjirli kran, 3 ta 70 tonnalik yuqori aniqlikdagi (teleskopik) avtokran, ishlab chiqarish quvvati soatiga 20 m/kub va 40 m/kubni tashkil etuvchi mobil` beton zavodlari, 14 ta metalloprokatga ishlov beruvchi stanoklar, 2 ta o'ta og'ir, ya'ni 350 tonnalik yuklarni tashuvchi avtoulovlar hamda svay qoqadigan va burg'ulash uskunalari shular qatoriga kiradi.

3-loyiha bu yer usti metro xalqa yo'li qurilishi bo'lib, uning umumiy uzunligi 52,1 kilometrni tashkil etadi. Ushbu yo'nalish bo'yicha poezdlarning o'rtacha harkat tezligi soatiga 60 kilometrga yetadi, halqa bo'ylab yo'lni bosib o'tish vaqti 1 soatu 10 daqiqa etib belgilangan. Dastlabki bosqichda Toshkent metropolitenining “Do'stlik” bekatidan Qo'yliq bozorigacha bo'lgan 8 ta bekatdan iborat qismi quriladi. Keyinchalik, u “Olmazor”, “Beruniy”, “Bodomzor” hamda “Tuzel`” bekatlari orqali yana “Do'stlik” bekatiga tutashtirilib, yaxlit metro xalqasini tashkil etadi. Bundan tashqari 2 ta vagon deposi qurish ham rejalashtirilgan. Loyihaga ko'ra, mazkur metro yo'li Yashnaobod, Uchtepa, Olmazor, Yunusobod, Chilonzor va Sergeli tumanlari xududidan o'tadi.

Ayni paytgacha bu yerda 47,5 ming kub metr tuproq ishlari bajarildi. 175 ta estakada tayanch ustunlarining loyiha-smeta hujjatlari olindi. Bir so'z bilan aytganda bugungi kunda yangi metro yo'lini barpo etish borasidagi bunyodkorlik jarayonlari jadal sur'atlarda davom etmoqda. 2017-2021 yillarga mo'ljallangan loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi. Rejaga ko'ra ushbu metro liniyasida 35 ta bekat quriladi.

Axborot xizmati

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish