Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

09:06:16 (GMT +5), chorshanba, 24 aprel 2024

"Buxoro – Urganch – Xiva" yo‘nalishi elektrlashtirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 13 martdagi “Buxoro – Miskin temir yo‘l liniyasini qurish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Investisiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning mart oyidan temiryo‘lchilar tomonidan Buxoro – Urganch – Xiva yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar qatnovini tashkil etish uchun elektrlashtirish ishlari boshlanib, uchastka yo‘llari bo‘ylab poydevor hamda temir-beton ustunlar o‘rnatilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda mamlakatimizda, avvalo, xalqimiz, qolaversa, xorijlik sayyohlar uchun transport tizimini xalqaro talablarga moslashtirish orqali yurtimizda ichki hamda tashqi turizmni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. 

O‘zbekiston hukumati tomonidan qadimiy shaharlarimizni (Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva) poytaxt bilan bog‘lashga va “bir chiziqqa o‘tkazish” uchun temir yo‘l transporti orqali yechim topishga yillar davomida e’tibor berib kelinmoqda. Jumladan, 2011 yilda Toshkent – Samarqand yo‘nalishida Markaziy Osiyoda dastlabki yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” elektropoyezdlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, keyinchalik Qarshi, Buxoro va Shahrisabz shaharlariga ham qatnovlar amalga oshirilmoqda. Endi navbat Urganch va Xiva shaharlariga yetib keldi.  

Ammo buning uchun temiryo‘lchilar “ko‘p ter to‘kishi”ga to‘g‘ri kelmoqda. Dastlab 2017 yilgacha Toshkent shahridan Urganchga qatnovchi poyezdlar Navoiy – Uchquduq – Miskin magistrali orqali 1064 kilometr yo‘l bosgan bo‘lsa, Qizilqum sahrosini qoq o‘rtasidan kesib o‘tgan 355 kilometrlik “Buxoro – Miskin” uchastkasi qurilgach, bu masofa qariyb 100 kilometrga qisqardi. Mutaxassislar qishning sovuq kunlarida ham, yozning jaziramasida ham noqulay ob-havo sharoiti hukm suradigan sahro bag‘rida yangi po‘lat izlarni qisqa muddatda qurishga erishdi. Navbatdagi bosqich esa ushbu yo‘nalishdagi po‘lat izlarni elektrlashtirishdir.

– Elektrlashtirilayotgan “Buxoro – Urganch – Xiva” uchastkaning umumiy uzunligi 465,5 kilometr bo‘lib, loyihada rejalashtirilayotgan ishlarga ko‘ra, 8ta elektr tutashtiruvchi tarmog‘ining navbatchilik binosi, 18ta  qo‘riqlanadigan temir yo‘l kesishmasi, 27ta avto yo‘l o‘tkazgich hamda 1ta lokomotiv jamoasi uchun dam olish uyi qurish rejalashtirilgan, – deydi “1-sonli energomontaj poyezdi” unitar korxonasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ruslan Nizomov. – Shuningdek, 2ta vagonga texnik xizmat ko‘rsatish punkti va qismlarga ajratish hamda joriy ta’mirlash sanoat korxonasini rekonstruksiya qilish, 6ta texnik xizmat ko‘rsatish binosi qurish (post ES) va boshqa temir yo‘lga texnik xizmat ko‘rsatish bino va inshootlarini qurish loyihasi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, uchastka bo‘ylab jami 14 mingdan ortiq poydevor, 12 mingdan ko‘proq temir-beton ustun o‘rnatish va kontakt tarmog‘ini montaj qilish ishlari, kontakt tarmog‘iga xizmat ko‘rsatish uchun maxsus texnikalar va himoya vositalari xarid qilinishi rejalashtirilgan.

Elektrlashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilib, unda yuzdan ortiq mutaxassis ellikka yaqin maxsus temir yo‘l va qurilish texnikalaridan foydalanilmoqda. “Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish” loyihasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, Buxoro – Urganch – Xiva yo‘nalishining aksar qismi qumli sahrodan iborat, bu esa mutaxassislar uchun elektrlashtirish jarayonida poydevor va ustunlarni mustahkam o‘rnatishda noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Ammo “qalovini topgan” temiryo‘lchilar ushbu muammoni ham yechimini topib qo‘yishdi. Ya’ni cho‘l zonasining qumli hududlarida ustun poydevorlarining vibrasiya usuli, ya’ni loyihaga ko‘ra, Qizilqum sahrosining qumli hududlaridan o‘tgan po‘lat izlari bo‘ylab elektr simlari uchun ustunlarning poydevori yer ostiga 6 metrdan 9 metrga qadar xorijdan keltiriladigan maxsus texnikada aylana shakli usuli bilan o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu O‘zbekiston temir yo‘llari tarixida birinchi marotaba qo‘llaniladigan jarayon bo‘ladi.

Ushbu loyihani elektrlashtirish ikki yo‘nalishda – Buxoro hamda Xorazm hududida olib borilmoqda.

Buxoro hududidagi “43-raz’yezd – Yangiobod” hamda “Yangiobod – Navbahor” uchastkalari oralig‘idagi qariyb 60 kilometrlik hududda temir yo‘l izlari bo‘ylab elektrlashtirish uchun poydevor va ustunlar o‘rnatilmoqda. Buning uchun 60 nafarga yaqin mutaxassis 10 dan ortiq zamonaviy texnikadan foydalanmoqda. Bugungi kungacha ushbu hududda 400 tadan ko‘proq poydevor o‘rnatilib, ularga 100 dan ortiq ustun montaj qilindi. Mazkur hududda poydevor va ustunlar o‘rnatilib bo‘lgach, “Navbahor” stansiyasidan so‘ng sahroning qumli hududlari boshlanadi. Shu bois bu jarayonda poydevorlarni vibrasiya usuli bilan o‘rnatish ishlari boshlanadi. 

Ushbu loyiha jarayonining 2-bosqichi Xorazm hududida davom ettirilmoqda. Unga ko‘ra “Istiqlol” – “Xazorasp” stansiyalari oralig‘idagi 12 kilometrlik hududda yuzdan ziyod poydevorlar tayyorlanib, ularga ustunlar o‘rnatilmoqda. Qurilish ob’yektida qirqdan ziyod ishchi-xodim o‘ndan ortiq zamonaviy texnikalardan unumli foydalanmoqda. 

Elektrlashtirish ishlari olib borilayotgan uchastka yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga ham katta ahamiyat qaratilmoqda. Ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasiga qat’iy amal qilishi doimiy nazoratga olingan. Ularga uch mahal issiq ovqat hamda dam olishlari uchun maxsus vagonlar tashkil qilingan. Qurilish ob’yektlariga mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilgan sifatli temir-beton mahsulotlari o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. 

E’tirof etish lozimki, ushbu yo‘nalishning elektrlashtirilishi kelgusida Toshkent – Samarqand – Navoiy – Buxoro – Urganch – Xiva yo‘nalishida tezyurar hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi ekologik xavfsiz elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yishda muhim bo‘g‘in vazifasini o‘taydi. Tabiiyki bu yo‘l uchun ketadigan vaqt, yonilg‘i va boshqa xarajatlarni ham tejashga zamin yaratadi. Qolaversa, atrof-muhit ekologiyasiga ham salbiy ta’sirini kamaytiradi. Ushbu loyiha yakuniga yetgach, Buxoro – Urganch – Xiva yo‘nalishida yuk va yo‘lovchi poyezdlarining elektrovozlarda harakatlanishiga imkon yaratiladi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, loyiha hayotda tatbiq etilgach, ekspluatasion xarajatlarni kamaytirishga erishiladi. Harakat tezligini oshirish hisobiga iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish sifati oshadi, temir yo‘l uchastkasini o‘tkazish va o‘tkazuvchanlik qobiliyati ko‘tariladi. Yangi ish joylari tashkil qilinadi va yuk vagonlarining aylanmasi ortishi hisobiga harakat tarkibiga bo‘lgan talabni qisqartirishga erishiladi. Zamonaviy kommunikasiya tizimi va resurs tejash texnologiyalarining rivojlanishini ta’minlash imkoni yaratiladi. Eng muhimi respublikada sayyohlik sohasini rivojlantirishga, aholi va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Axborot-tahliliy media markazi


“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish