Matbuot anjumani: Toshkent yer usti metrosining qurilishiga oid dolzarb masalalar

  • 23.03.2021
  • 2527

Bugun, 23 mart kuni, O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Toshkent yer usti metrosining ikkinchi bosqichini foydalanishga topshirish borasida belgilangan ustuvor vazifalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning mutasaddi rahbarlari hamda temir yo‘l tizimi tasarrufidagi Toshkent yer usti metrosi qurilishining ikkinchi bosqichini amalga oshirishda faoliyat olib borayotgan “Ko‘prikqurilish tresti” UK mutaxassislari ishtirok etdi. 

Matbuot anjumanda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 maydagi “Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyalarining qurilishi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Toshkent shahrida yer usti halqa metropoliteni liniyasining 2-bosqichini qurish ishlari rejali va jadal sura’tlarda davom ettirilmoqda.

Anjumanda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Kapital qurilish direksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Azizbek Abdiyev ta’kidlaganidek, Toshkent halqa yer usti metro yo‘lining 2-bosqichi Qo‘yliq bozoridan Toshkent shahrining Mirobod hamda Sergeli tumanidan o‘tgan Katta halqa yo‘li, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Xonobod ko‘chasi hamda Sergeli tumanining Qipchoq ko‘chasidan o‘tib, Sergeli liniyasining 5-bekatiga ulanadi hamda Yangi hayot tumaniga yetkaziladi. 15 kilometrlik umumiy uzunlikka ega ushbu uchastkada 9 ta bekat qurish rejalashtirilgan. Mazkur hududdan o‘tayotgan yangi metro uchastkasi foydalanishga topshirilgach, faqatgina ushbu yo‘nalishda kuniga 46 ming yo‘lovchi tashilishi rejalashtirilgan. 700ga yaqin yangi ish o‘rni ham yaratiladi. Loyihaning hozirgi bosqichdagi qurilish ishlariga 150dan ortiq maxsus texnika, mashina va mexanizmlar hamda 3 ming 500 nafarga yaqin malakali muhandis va ishchi-xodimlar jalb qilingan. 

Jurnalistlar tomonidan qurilish jarayonida  bajarilayotgan ishlar sifati bo‘yicha berilgan savolga mutasaddi mutaxassislar, Davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasi hamda “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan muntazam nazorat olib borilishini alohida qayd etdilar. Shuningdek, barcha qurilish ishlari belgilangan tarmoq jadvali asosida amalga oshirilib kelinayotganini ham ta’kidlandi. 

Uchrashuvda ishtirok etgan mutaxassislar shuningdek, rejaga ko‘ra Toshkent halqa yer usti metropoliteni liniyasi mavjud O‘zbekiston, Sergeli, Chilonzor hamda Yunusobod yo‘nalishlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulananishini va boshqa Toshkent shahridagi qurilayotgan yer usti metropolitenining qurilishiga oid istiqbolli rejalar haqida to‘xtalib o‘tdilar.

Ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan berilgan bu va boshqa qator savollarga atroflicha javob berildi.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI