Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

22:15:07 (GMT +5), payshanba, 28 mart 2024

Matonat, fidoiylik, sadoqat – baxtli ayol timsoli

    Bugungi kunda o’zbek ayoli har sohada peshqadam. Uning mavqei, jamiyatda tutgan o’rni har qachongidan yuksaldi. Albatta, ayolning mavqei bilan birga, uning mas’uliyati ham oshdi. U o’z ustida ishlab, yurt ravnaqiga munosib hissa qo’shayotir, o’z hayotini yanada farovon bo’lishiga intilayapti. Ayniqsa, temir yo’l tarmog’ida erkaklar bilan yelkama-yelka turib ishlash juda katta mas’uliyat talab qiladi.
  Ma’mura Yakubova ham salkam 20 yildan buyon temir yo’l sohasida faoliyat yuritmoqda. Ayni kunda u “O’zbekiston temir yo’llari” aksiyadorlik jamiyatining iqtisodiy tahlil va prognozlash boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari, “Faxriy temiryo’lchi” belgisi sohibasi, ikki qizning mehribon onasi, ikki nabiraning suyukli buvijonisidir.
— Insonni inson qiladigan ham, yerdan osmonga ko’taradigan ham, unga insoniylikning asl mohiyatini, jamiki ezguliklarni ilk bora qalbiga muhrlaydigan ham, katta oqim-jamiyatga qo’shadigan ham oila tarbiyasidir, — deydi Ma’mura Yakubova. — Bola tug’ilgan kunidan boshlab oila muhitida yashaydi. Oilaga xos an’analar, qadriyatlar, urf-odatlar bola zuvalasini shakllantiradi.
      Eng muhimi, farzandlar oilaviy maktab orqali jamiyat talablarini anglaydi, his qiladi. Shundan bo’lsa kerak, oilada men ham ota kasbiga nisbatan o’zgacha mehr bilan ulg’ayganman. Bugungi darajaga
yetishimda ota-onamdan olgan o’gitlar, yo’l-yo’riqlarning, hayotdan olgan saboqlarimning ta’siri nihoyatda kattadir. Otam temiryo’lchi bo’lgan, men esa temiryo’lchi bo’lib tug’ilganman, desam mubolag’a bo’lmaydi. Ba’zan kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay ishlagan vaqtlarimiz bo’ladi. Lekin hech qachon tanlagan kasbimdan afsuslanmaganman. Aksincha, yillar o’tgani sari o’z kasbimga mehrim yanada oshib boravergan. 1983 yilda Toshkent temir yo’l muhandislari institutida o’qish bilan birga, kasaba uyushma qo’mitasida faoliyat yuritgan Ma’mura Yakubovani o’sha davrda mazkur dargohda ta’lim olgan talabalarning deyarli barchasi yaxshi bilishadi. Ularning salomatliklarini tiklash, moddiy-ma’naviy ko’mak berish, haq-huquqlarini talab qilishda o’z yordamini ayamagan.
— Turmushga chiqqanimdan so’ng oilaviy sharoitimga ko’ra, sevimli ishimdan voz kechishimga to’g’ri kelgan, — deydi u. — Qaynonam, “Ayol kishi turmush o’rtog’ini ishga kuzatib, uning ishdan kelishini kutib olishi kerak, sizning bu ishingiz to’g’ri kelmaydi”, deb turib olganlar. Bu orada ikki qizim dunyoga keldi. Bir muddat boshqa sohada ham ishladim. Ammo yuragimdagi o’tni o’chirish oson bo’lmadi. Oilam bilan alohida yashay boshlaganimizdan so’ng, 2003 yilda yana temir yo’l sohasiga qaytdim. Ba’zan umr yo’ldoshim bilan ham ishim yuzasidan kelishmovchiliklar bo’lib turardi. U kishini hovuridan tushib olishini kutib, ta’nalarini indamay tinglab turaverardim. Ikki-uch kundan so’ng esa, ishimning mohiyatini yotig’i bilan tushuntirib berardim. “Ha mayli, ishlayver”, degan javobini eshitib, ko’nglim ko’tarilardi.
      Inson borki, yaxshi niyat bilan yashaydi. Qalbining tubidagi ezgu maqsadlari, orzu-niyatlarini ro’yobga chiqarish uchun yelib-yuguradi, mehnat qiladi, qiyinchiliklarni bartaraf etadi. Ammo hamma ham ulkan yutuqlarga erisha olmaydi. Ana shunday muvaffaqiyatlarning asosi, albatta, insonning sabri, irodasi hisoblanadi.
— Hayotda nimalar bo’lmaydi, — deydi suhbatdoshim. — Turmush o’rtog’im 40 yoshida olamdan o’tdi. Bu dardni yengish va otasiz qolgan farzandlarimni oyoqqa turg’azish uchun astoydil ishga sho’ng’idim. Inson idealsiz, uni olg’a undab turuvchi mayoqsiz yashay olmaydi. Meni qiyinchiliklarni yengishimga, doim oldinga qadam tashlashimga undab turgan o’sha mayoq — kasbimga bo’lgan mehr edi. Farzandlarimning ikkisi ham oliy ma’lumotli, sevimli rafiqa, shirindan shirin nevaralarimning onasi. Eng muhimi, ular baxtiyor. Ona uchun farzandlar kamolini ko’rish, ularning baxtdan porlab turgan ko’zlariga boqishdan ortiq baxt bormi?! Men baxtli ayolman.

Oynisa Norboyeva "Temiryo'lchi" gazetasi muxbiri

  • nashr uchun ko‘rinish