Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

15:53:09 (GMT +5), juma, 3 dekabr 2021

To‘lqin Ibragimovning ibratli va sermazmun hayot yo‘llari

“O‘zbekiston” lokomotiv deposining lokomotiv brigadalari mashinist-murabbiyi, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni va “Faxriy temiro‘lchi” belgisi sohibi To‘lqin Ibragimovni nafaqat temir yo‘l tizimida, balki Respublikada yaxshi tanishadi. Uning umr yo‘llari qancha mashaqqatli bo‘lmasin, shunchalik sermazmun. To‘lqin aka nafaqat yosh avlodga ibrat bo‘ladigan tajribali ustoz va murabbiy, balki har birimiz, ayniqsa, temiryo‘lchilar havas qilsa arziydigan inson. 

Temiryo‘lchilar sulolasi vakili bo‘lgan bu inson 1952 yil 4 iyulda Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi “Baytqo‘rg‘on” qishlog‘ida oddiy ishchi oilasida dunyoga keldi. Uning otasi Yo‘lchiboy Ibragimov “Toshkent” teplovoz deposida paravoz mashinisti vazifasida uzoq yillar davomida mehnat qilib, pensiyaga chiqdi. Onasi Mehriniso Ibragimova esa uy bekasi sifatida farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullandi. T.Ibragimov oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgani bois ota-onasiga yelkadosh bo‘ldi. Uch nafar singlisi va bir nafar ukasini ko‘z qorachig‘idek asrab-avayladi, ularni uyli-joyli qilishda ham ko‘maklashdi. 
Bolaligida 16-sonli o‘rta ta’lim maktabida barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qidi. Qarangki, yoshligida olgan bilimi, ota kasbiga bo‘lgan mehri uni hayot ostonasidan pag‘onama-pag‘ona yetaklab, yetuk mutaxassis sifatida sohaga tayyorladi. Temir yo‘lga bo‘lgan qiziqishi sabab, darsdan so‘ng otasining oldiga tez-tez borar, bajaradigan ishlarini zimdan kuzatardi. Kezi kelganda paravozlarni ta’mirlashda yordamlashib, kasb sirlarini otasidan o‘rganardi.

Umr charxpalagi shu tarzda o‘tib borar, ammo bexudaga sarflanmayotgani kundek ravshan edi. Negaki, bu navqron yigit otasidan o‘rganganlari bir kun kelib o‘ziga asqotishini yaxshi bilardi. Shuningdek, halol mehnatlari bilan soha taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, katta yutuqlarni qo‘lga kiritishni o‘z oldiga maqsad qilgandi. Soha mashaqqatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganida bu orzu-maqsadlariga erishish u o‘ylaganchalik oson emasligini va tinimsiz izlanish kerakligini faxmladi.

To‘lqin aka o‘z mehnat faoliyatini 1973 yilda “Toshkent” teplovoz deposida chilangarlikdan boshladi. Ish davomida o‘ziga yuklatilgan barcha vazifalarni sifatli bajarishga intildi. Uquvliligi sabab oradan hech qancha vaqt o‘tmay, uni besh oylik “Teplovoz mashinisti yordamchisi vazifasiga tayyorlov” o‘quv kursiga yuborishdi. Bildirilgan ishonchni oqlab, o‘quv kursini mavaffaqiyatli tamomladi va teplovoz mashinisti yordamchisi vazifasiga o‘tkazildi. Oradan ikki yil o‘tib, yana sakkiz oylik “Teplovoz mashinisti vazifasiga tayyorlov” o‘quv kursiga yuborishdi. Ushbu kursni ham mavaffaqiyatli tugatib, teplovoz mashinisti vazifasiga tayinlandi. Kasb mahorati va tajribasini boyitish ustida muntazam izlanishi natijasida avvaliga 3-toifali, so‘ng 2-toifali va nihoyat 1-toifali teplovoz mashinisti darajasiga erishdi. 

Ustozlari Po‘lat Ro‘ziyev hamda Ikrom Maqsudxo‘jayevlardan sohaga oid bilim va tajribalarini boyita bordi.

“Ustozdan o‘zmagan shogird – shogird emas” naqliga amal qilib, yuksak marralarni qo‘lga kiritishga intildi. O‘ziga yuklatilgan har bir vazifani mas’uliyat bilan bajarar va uni oxiriga yetkazmaguncha tinib-tinchimasdi. Buning natijasida u lokomotivlarning joriy ta’mir davrini doimiy ravishda uzaytirishga erishdi. Shuningdek, poyezdlar harakati xavfsizligi qoidalariga to‘liq rioya etish va bu sohada muvaffaqiyatga erishish yo‘lida tinimsiz izlanishlar olib bordi. Ish faoliyati davomida texnologik jarayonlar talablariga mos ravishda mehnatni tashkil etib kelayotganligi bois, o‘ziga biriktirilgan teplovozlarning nosoz holatga kelishiga aslo yo‘l qo‘ymadi.

Mehnat faoliyati davomida texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilgan holda har bir ishga mas’uliyat bilan yondashdi. Bilimliligi, kamtarinligi, o‘z kasbiga bo‘lgan talabchanligi bilan qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi.

Ayniqsa, yosh mutaxassislarga ish tajribalarini o‘rgatib, sohaga kerakli bo‘lgan ko‘pgina mashinist va mashinist yordamchilarini tayyorladi. 

Ko‘p yillik samarali, fidokorona mehnatlari inobatga olinib, 2004 yilda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Faxriy temiryo‘lchi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

– Mustaqil O‘zbekistonimizda halol mehnat qilgan inson hech qachon e’tibordan chetda qolmas ekan, – deydi To‘lqin Ibragimov. – Prezidentmiz Shavkat Mirziyoyev 2021 yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berishi ham yurtimizda unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillariga keng imkoniyat yaratilganidan dalolat beradi. Negaki, birgina “O‘zbekiston” lokomotiv deposi boshlig‘i Abror Islomovning tashabbusi bilan 45 nafar yosh kadrlar ishga olindi. Ulardagi g‘ayrat va shijoatni, sohaga bo‘lgan qiziqishini ko‘rib, yana yosh bo‘lgim keladi. Bugungi kun yoshlariga havas qilaman. Bu uquvli yoshlarga soha sir-asrorlarini o‘rgatishdan hechqachon charchamayman. Ilgarigi teplovozlar bilan hozirgi zamonaviy eletrovozlarning farqi juda katta. Shu kungacha Xitoy Xalq Respublikasidan navbat asosida olib kelinayotgan 30 ta va Moskvadan keltirilayotgan 10 ta “Yermak” nomli elektrovozlarini boshqarish kabinasi hamda boshqaruv tizimining kompyuterlashtirilganligi bilan ahamiyatli. Uquvli yoshlar texnika taraqqiyotiga hamnafas ravishda mazkur zamonaviy elektrovozlarni boshqarishni ham qisqa muddatda o‘zlashtirmoqda.

Bugungi kunda T.Ibragimov korxona boshlang‘ich kasaba uyushmasi a’zosi sifatida ishchilarning ijtimoiy himoyasi va madaniy xordiq chiqarish masalalarini ijobiy hal etishda ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga korxonada o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, davra suhbatlari u siz o‘tmaydi. U bu anjumanlarda mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini, shuningdek, temir yo‘l sohasida erishilayotgan yutuqlarni hamkasblari hamda kelajak avlod vakillari orasida keng targ‘ib etib, ularni ona Vatanni, o‘z tanlagan kasbini sevishga undaydi.

Hozirgi kunda To‘lqin Ibragimov nafaqada bo‘lishiga qaramay, “O‘zbekiston” lokomotiv deposining lokomotiv brigadalari mashinist-murabbiyi sifatida yosh avlodlarga soha sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda. Shuningdek, o‘zi istiqomat qilayotgan Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi “Niyozbek” mahalla fuqarolar yig‘inining a’zosi sifatida mahallani obodonlashtirish ishlarida ham faol. 

Qahramonaimiz ochiq-ko‘ngil, kamtarin, kamsuqum, yangilikka intiluvchan, tajribali faxriy temiryo‘lchi, shu bilan birga ibratli oila boshlig‘i. Umr yo‘ldoshi Muharram Ibragimova bilan bir nafar qiz va ikki nafar o‘g‘ilni el koriga yaraydigan insonlar etib tarbiyaladi. Qizi Dilorom Ibragimova Toshkent viloyatining Chirchiq shahri yuqumli kasalliklar shifoxonasida katta hamshira, o‘g‘li Murodjon Ibragimov “O‘zbekximmash zavodi” aksiyadorlik jamiyatida bosh muhandis, kenja o‘g‘li Mansur Ibragimov esa ota-bobosi kasbiga havas qilib, “O‘zbekiston” lokomotiv deposida teplovoz mashinisti vazifasida ishlab kelmoqda. 

To‘lqin aka hozirda 7 nafar nabiraning suyukli bobosi. Ayni damda u baxtli oila davrasida mehribon bobo sifatida qarilik gashtini surmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

  • nashr uchun ko‘rinish