Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

02:05:29 (GMT +5), juma, 29 mart 2024

Poytaxt obodligi yo'lidagi bunyodkorlik

Keyingi yillarda mamlakatimizda, ayniqsa, poytaxtimizda misli ko'rilmagan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Yangi zamonaviy uy-joylar, ravon yo'llar, osmono'par binolar, jahon talablariga to'la javob beruvchi ko'prik va yo'l o'tkazgichlar barpo etilayapti. Buning natijasida esa poytaxtimiz o'zgacha qiyofa kasb etib, Markaziy Osiyoning durdonasiga aylanib bormoqda. Ayni kunlarda Toshkent shahrida yana bir yirik inshoot – mahobatli ko'prik bunyod bo'lmoqda.

Mazkur inshoot Bunyodkor va Cho'ponota ko'chalari kesishmasida “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko'p­rik qurilish tresti”  unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan qurilmoqda. Zamonaviy yo'l o'tkazgichning umumiy uzunligi 667,5 metrni tashkil etadi. Inshoot Estakada qismi 488,5 metr, balandligi 8, kengligi esa  24,5 metrni tashkil etib, 21 ta ustun oralig'ida barpo etilmoqda. E'tiborlisi, bu yerda piyodalar uchun ham qator qulayliklar yaratiladi. Xususan, umumiy uzunligi 124 metr bo'lgan ikkita piyodalar o'tish ko'prigi quriladi, shuningdek, yoshi keksa va nogironlar uchun maxsus lift hamda eskalator o'rnatiladi. Yangi bunyod etilayotgan yo'l o'tkazgichning yoritish tizimi ham jahon andozalariga mos ravishda barpo etilishi ko'zda tutilgan. Shu kunga qadar jami yo'l o'tkazgichning 256 ta to'sinidan 192 tasi o'rnatildi. Chiqish va tushish qismlarida 60 foiz tirgak devorlari mustahkamlandi. 276 ta prizmatik qoziqdan 206 tasi qoqildi.  E'tiborlisi, ushbu jarayonda yaqinda Germaniyadan keltirilgan eng zamonaviy texnikalardan foydalanildi. Ikkita piyodalar o'tish yo'lagida barcha tayanch ustunlari o'rnatildi. 


– Ayni paytgacha bu yerda 10 633 kub metr tuproq, 17 600 kub metr beton ishlari bajarildi. Zamonaviy yo'l o'tkazgichni bunyod etishda 67-, 14- hamda 1-ko'prik qurilish otryadi ishchi-xodimlari mehnat qilishmoqda, – deydi korxona boshqaruvchisi Zafar Maxamatov. – Ko'prikni bunyod etishda foydalanilayotgan temir-beton konstruktsiyalari trestga qarashli ishlab chiqarish maydonlarida tayyorlanmoqda. Shuningdek, bir qator butlovchi qismlar ham temir yo'l tasarrufidagi sanoat korxonalarida  ishlab chiqarilayapti. 

Yo'l o'tkazgichni belgilangan muddatda, zamon talablari darajasida qurib, foydalanishga topshirish maqsadida tasdiqlangan tarmoq jadvallari asosida ishlar olib borilmoqda. Qurilish uchastkasida shtab tashkil etilgan bo'lib, kundalik masalalar doimiy ravishda tezkor muhokama etilib, zarur choralar ko'rilmoqda. 


Ushbu inshootning qurib, foydalanishga topshirilishi mazkur chorrahada yuzaga kelayotgan avtomobillar tirbandligining oldini oladi. Shu bilan birga, shahrimizga o'zgacha chiroy qo'shadi. 2018 yilda “Ko'prik qurilish tresti” unitar korxonasi tomonidan jami 7 ta ko'prik va yo'l o'tkazgich qurish rejalashtirilgan. Buning uchun esa  texnika va texnologiya, yillar davomida orttirilgan tajriba, ko'nikma va malaka ham yetarli. Demak, poytaxtimiz aholisi va mehmonlar yana ko'p­lab ana shunday muhtasham, bir-biridan ko'rkam inshootlar qulayliklaridan bahramand bo'ladi.

Axborot xizmati

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish