Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

20:43:04 (GMT +5), juma, 27 yanvar 2023

Harakat xavfsizligini ta’minlash va ish samaradorligini oshirish

Joriy yilning 23 martidan 31 martigacha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi tasarrufidagi uchastka yo‘llarida hamda stansiyalarda bahorgi ko‘rik o‘tkazildi.


Mazkur ko‘rik O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘llaridan texnikaviy foydalanish qoidalarining 8-bob, 132-bandiga asosan “Toshkent mintaqaviy  temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga  qarashli korxonalar  va stansiyalarda harakat xavfsizligi talablari va tashish texnologik jarayonining bajarilishi, xo‘jaliklarning ahvoli, mehnat muhofazasi va intizomi, texnik vositalarning o‘rnatilgan talablarga muvofiqligini o‘rganish, poyezdlar harakatini tashkil qilishda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarni aniqlash yuzasidan monitoring o‘tkazish va ularning yechimi bo‘yicha takliflar kiritish maqsadida tashkil qilindi.

Ma’lumki, “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi mamlakatimiz temir yo‘l tarmog‘idagi eng katta uzellardan biri bo‘lib, uchastka yo‘llari ham yuk va yo‘lovchi poyezdlar eng serqatnov hududlaridan biridir. Qolaversa, uzel tasarrufida 50 dan ortiq stansiyalar mavjud. Ularda tashilayotgan yuklar tarmoqda tashilayotgan yuk hajmining katta qismiga to‘g‘ri keladi. Shu bois mazkur liniyada harakat xavfsizligini hamda stansiyalarda yuk tashish ko‘rsatkichini barqaror ta’minlash uchun mutaxassislardan katta ma’suliyat ta’lab etiladi.


Jamiyat rahbariyati tomonidan yilning 4 mavsumi davomida o‘tkaziladigan an’anaviy ko‘rik esa uzelga qarashli temir yo‘llar va stansiyalar faoliyatini muntazam nazorat qilish va harakat xavfsizligini ta’minlab, ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilanishiga sabab bo‘ladi. 

Navbatdagi ko‘rik davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Akmal Kamalov boshchiligida  “Toshkent  mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi boshlig‘i Ixtiyor Farmonov, boshqarmalar boshliqlari, uchastka yo‘llari hamda stansiyalarga mas’ul mutaxassislari dastlab uzel tasarrufidagi Toshkent hamda Jizzax oralig‘idagi uchastka yo‘llarini ko‘zdan kechirib, 25 dan ziyod stansiya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ko‘rik davomida Toshkentdan borgan rahbar va mutaxassislar  yo‘llarning saqlanishiga, uzel korxonalarining bahor-yoz mavsumida uzluksiz faoliyat yuritishga ko‘rilgan tayyorgarliklarga, Jamiyat rahbariyati tomonidan berilgan topshiriqlarning qay tariqa uddalanishiga, ish joylarida mehnat sharoitlarini yaxshilash yuzasidan qilingan ishlarga, kuzgi ko‘rikda ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilgan ishlarga katta e’tibor qaratishdi. 


Hududlardagi rahbar va mutaxassislarga, ayniqsa, stansiya boshliqlariga, uchastka yo‘llari rahbarlariga, avvalo, harakat xavfsizligini ta’minlash, stansiyalarda mijozlar uchun har tomonlama qulay sharoitlarni yanada yaxshilash orqali yuk tashish ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Mavjud kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, Toshkent hamda Angren oralig‘idagi uchastka yo‘llari, stansiyalari ko‘zdan kechirilib, dastlab “Sergeli” stansiyasi ko‘rikdan o‘tkazildi. Ushbu stansiya uzelning eng ko‘p yuk tushirib ortiladigan stansiyalaridan biri. Bu yerda bahorgi ko‘rikga juda puxta tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lib, ishchi-xodimlar hamda mijozlar uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratilgan. Ya’ni stansiya navbatchilari xonasi zamonaviy texnikalar bilan ta’minlangan, atrof-muhit obodonlashtirilib, hududda bog‘ ham barpo etilgan.


Shundan so‘ng komissiya a’zolari “Jaloir", “Kuchluk”, “To‘ytepa”, “Ozodlik”, “Ohangaron”, “Aqcha”, “Obliq” hamda “Angren” stansiyalari faoliyatini ham ko‘zdan kechirishdi. E’tiborlisi, stansiyalardagi obodlik, tozalik, ishchi-xodimlar va mijozlar uchun yaratilgan sharoitlar, mutaxassislar malakasini oshirish uchun tashkil etilgan o‘quv xonalari, bo‘sh hududlarda yaratilgan bog‘ va issiqxonalar barchaning diqqatini tortdi. Ayniqsa, “Ohangaron” stansiyasidagi vagon deposiga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasida tashkil etilgan o‘quv markazi va u yerda vagonlarning ehtiyot qismlarini namuna sifatida, yoshlarning o‘rganishi uchun qo‘yilgani ishchi-xodimlarning malaka va tajribasi ortishiga sabab bo‘lishi shubhasiz. 


Qolaversa, Rossiya Federasiyasidan olib kelingan zamonaviy  kompressor ham vagonlarga xizmat ko‘rsatishda sifat va samaradorlikni oshirishga zamin yaratyapti. Bundan tashqari, vagonlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish hududida ham Xitoydan keltirilgan vagonlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazuvchi zamonaviy texnikadan unumli foydalanilmoqda.

Joriy yilning 30 mart kuni uzelning Toshkent shahri va unga yaqin hududlardagi stansiyalarida o‘tkazilgan bahorgi ko‘rik davomida komissiya a’zolari nafaqat qilingan ishlar, balki yosh mutaxassislarning yangi loyihalari, shuningdek,  yuk tashish hajmini oshirish, yuk ortilgan va yuki tushirilgan vagonlarni  o‘z vaqtida jo‘natish kabi masalalarga doir tayyorlangan taqdimotlar bilan yaqindan tanishdi.


Mavsumiy  ko‘rik  davomida   Akmal  Kamalov  stansiya boshliqlari hamda mutaxassislari bilan birma-bir suhbatlashib, ularni amaliy va nazariy bilimlari bilan qiziqdi. Yaratilayotgan sharoitlar, zamonaviy texnikalarning joriy etilayotgani qay darajada samara berayotganini ko‘zdan kechirdi. Stansiya boshliqlariga, mutaxassislarga o‘z ustida ko‘proq ishlab, bilim va tajribasini ham amaliy, ham nazariy jihatdan oshirish zarurligini ta’kidladi. Har bir imkoniyatdan unumli foydalanib, yuk tashish ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashga ko‘rsatma berdi.

Uzelda xalq xo‘jaligi yuklarini va yo‘lovchilarni tashish borasidagi topshiriqlarni bajarishda, poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashni yaxshilash, stansiya va korxonalarning bahor-yoz mavsumida uzluksiz ishlashga tayyorlash va mehnat muhofazasi borasida ko‘zga ko‘rinarli ishlar qilingani komissiya a’zolari tomonidan qayd etib o‘tildi. Lekin erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda ayrim joylarda kamchiliklar ham ko‘zga tashlanib qoldi. Yuk va tijorat ishlari, lokomotiv, vagon xo‘jaliklarida ham bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘rsatib o‘tildi.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish